AQSh tarixida 12 avgust sanasi tund qiyofadagi kishilarning hayqirig‘i, irqlar kurashi va qotilliklar yuz bergan kun sifatida nom qoldirdi. Sharlotsvilldagi namoyishchilar ustiga mashina bilan bostirib borgan Jyeyms Aleks Filds Kichkinaning harakatiga nisbatan mamlakat rahbari jiddiy munosabatda bo‘lmagani masalani chigallashtirib yubordi. Muammo nimadan kelib chiqdi va nega avj olib borayapti?

Masalaning javobi AQSh fuqarolar urushida

1861 yil 12 aprelda boshlangan fuqarolar urushi mamlakatda misli ko‘rilmagan qurbonlar sonining ortib borishi, iqtisodiy tushkunlik, irqchilik va millatchilik ko‘rinishidagi ziddiyatlarni tugatish bilan yakunlandi. Uillyam Foks va Tomas Leonard Livermor o‘tkazgan tadqiqotlardan ayon bo‘ladiki, mazkur urushda qariyb 620,000 kishi vafot etgan. 1889 yilda aniqlangan bu raqamlar hozirgi paytgacha fuqarolar urushida halok bo‘lgan eng katta raqam sifatida e'tirof etiladi.

Shimol va janub shtatlarining to‘qnashuviga, asosan, yangi tashkil etilayotgan hududlarda quldorlik tizimini bekor qilish masalasi sabab bo‘lgan, deya keltiriladi. Aslida shimoliy hududlarda qora tanlilarning huquqlari qisman tiklangan bo‘lib, janubda quldorlik hamon barqaror edi. Paxta plantatsiyalari, yirik ferma xo‘jaligida xizmat qiluvchi qora tanli arzon ishchi kuchi quldorlik tizimini yo‘qolib ketmasligining asosiy omili bo‘lgan. Shundan keyin, shtatlar erkinlik va fuqarolik jamiyati uchun qo‘liga qurol oldi. Fuqarolar urushining yakunida, 1865 yilning 9 aprel kunida janub armiyasi qo‘mondonlarining so‘nggisi, general Robert Li jang maydonida yengildi. Shuning bilan Amerika konfederativ shtatlari o‘z umrini yashab o‘tdi.

Aynan o‘sha qo‘mondon Robert Lining haykali irqchilik eng avj olgan Virjiniyaning Sharlotsvill shahrida o‘rnatilgan.

8 iyul kuni haykalda qizil bo‘yoqlar bilan bitilgan «Qoralar masalasi muhim» yozuvi paydo bo‘ldi.

Keyinchalik maktab o‘quvchisi haykalni Sharlotsvilldan olib tashlash to‘g‘risidagi petitsiya boshlashi ziddiyat ko‘lamini kengaytirdi.

Sharlotsvilldagi namoyishlar qanday boshlandi?

Oq tanli irqchilar guruhi, neo-fashist, neo-konfederatsiyachi va o‘ng qo‘l tarafdorlari 12-13 avgust kunlarida AQSh fuqarolar urushi davridan meros bo‘lib qolgan madaniy yodgorliklarga, xususan, Robert Lining haykaliga tegmaslikni so‘rab chiqishdi. Sharlotsvillda haykalning olib tashlanishiga qarshi osoyishta aksiya tush vaqtiga o‘tkazilishi belgilangan edi, biroq uni keskin ravishda avj olgan vaziyat sababli bekor qilishga to‘g‘ri kelgan.