22:00 / 16.08.2017
30848

Davlat va OAV: Axborot maydonida monopoliyaga chek qo‘yish vaqti keldi

Keyingi bir yil ichida yurtimizda elektron ommaviy axborot vositalari — Internet saytlarning mashhurligi va ommabopligi juda oshdi. Yurtimizda olamshumul o‘zgarishlar bo‘lmoqda, yangiliklar juda bisyor, bularning tezkorlik bilan yetkazishda ommaviy axborot vositalari ichidan aynan internet saytlar beminnat ter to‘kishmoqda.

Bizning saytimiz — KUN.UZ ham tezlikda el og‘ziga tushdi, ko‘plab yurtdoshlarimiz bizni o‘qishadi, bizga ishonishadi, murojaat qilishadi, tahririyatimizga kuniga 100dan oshiq xat kelishi ham fikrimizni isbotlab turibdi.

Tahririyatimiz o‘z faoliyatini tobora kengaytirib bormoqda, sekin-asta barcha viloyatlarda o‘z muxbirlik tarmoqlarimizni ochishni rejalashtirganmiz va O‘zbekiston bo‘ylab o‘z muxbirlarimiz yangiliklarni jo‘natishi, joylardagi fuqarolarning muammolarini yoritib, mutasaddilar e'tiborini jalb qilib, ularni hal etishda yordam qo‘lini cho‘zish asosiy rejalarimizdan sanaladi.

Davlat tashkilotlari va idoralari ham tobora biz bilan yaqindan hamkorlik qila boshlashdi. Saytimizda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ochilgan Yuridik xizmat minbari ham bunga dalil. Bundan tashqari, Xalqaro press klub bilan hamkor sanalamiz, shuningdek, prokuratura,  IIB va boshqa davlat organlari brifinglarida hamisha muntazirmiz.

Lekin bu biz erishmoqchi, muxlislar uchun yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan narsalarning hammasi ham emas. Sekin-asta xalqimizga eng rasmiy yangiliklarni ham tezkorlik bilan yetkazishni maqsad qilganmiz. Shu sababli ushbu maqola orqali mutasaddi shaxslar va idoralarga ayrim talab va takliflar bilan murojaat qilmoqchimiz.

Ma'lumki, shu paytgacha yurtimizga xorijdan rasmiy yo norasmiy delegatsiya tashrif buyuradimi, matbuot anjumani o‘tkazadimi, hukumat yig‘ilishlari o‘tadimi, Prezident farmoni, qarorlari yoki farmoyishlari, Vazirlar mahkamasining qarorlari e'lon qilinadimi — barchasi O‘zAda yoritilgach, ayniqsa kechki «Axborot» dasturida e'lon qilib bo‘linganidan so‘ngra tahririyatlarga tarqatilib kelingan. Jumladan, bizga ham.

Ayniqsa davlat va hukumat darajasidagi anjumanlarda qatnashish uchun nafaqat xususiy, hattoki davlat va partiya nashrlariga ham ruxsat yo‘q. Barchasi O‘zAda e'lon qilinadi. Hamma O‘zAdan ko‘chirib bosadi. Yaqin yaqingacha bunday tadbirlarda nashrlarning o‘z muxbirlari qatnashib, reportaj, maqolalar yozishar edi.

Hozir Prezident farmonlari va qarorlari bevosita davlat rahbarining rasmiy saytida tezkorlik bilan e'lon qilina boshlandi. Bu borada biz kabi internet-saytlar biroz yengil tin olishdi. Tezkorlikni davlat rahbari matbuot xizmatining o‘zi boshlab berdi. Lekin qolganlar hozircha jim.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Samarqandga ziyorat tashrifini esga oling. Bu tashrif haqida O‘zA faqatgina kechqurun umumiy ma'lumot berish bilan cheklandi. KUN.UZ kun bo‘yi Turkiya televideniyesi orqali jonli efirga uzluksiz uzatilib turgan reportajlar, turk saytlarida e'lon qilib borilgan xabarlar asosida material tayyorlashga majbur bo‘ldi.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab uyushtirgan turnesi davomida ham rasmiy xabar kechqurun chiqqunga qadar Modining Tvitter akkaunti biz uchun bosh manba bo‘lib xizmat qilib turdi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev Samarqandga tashrif buyurganida hattoki qirg‘iz saytlaridan tezkor xabarlarni tarjima qilib o‘tirdik.

O‘zAda rahbar almashdi. Televideniyeda yangi «O‘zbekiston 24» telekanali ochildi. Balkim yaqin orada bu borada oldinga siljish kuzatilar — hammasi shunga qarab ketayotgani rost. Lekin biz kabi internet nashrlarga o‘z ishimizni davlat agentligi yoki telekanallariga bog‘liq ravishda emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish imkoniyati taqdim etilishini chin dildan istaymiz.

O‘zingiz o‘ylang, davlatimiz rahbarining poytaxtimiz tumanlari va viloyatlarga tashrifi o‘ta sermazmun bo‘lmoqda. Yoki kunora turli mavzularda videoselektorlar o‘tkazilmoqda. Keyinchalik, oradan kunlar o‘tgach, Prezident o‘sha tashriflar yoki majlislar davomida o‘ta muhim gaplarni aytgani oydinlashadi.

Lekin bu tashriflar va majlislar haqidagi kadrlar televideniyeda kechikib, qisqartirilib berilmoqda — masalan, televideniyedagi axborot dasturlarida 3–4 daqiqali lavhalar ko‘rinishida. O‘zAda esa juda qisqacha, umumiy gaplar bilan yozilgan xabar tarzida yoritiladi. Boz ustiga, 8 tilda xabarlar tarqatishiga qaramasdan, bu saytga kuniga 4,5–5 ming atrofida odam tashrif buyuradi.

Qiziq holat yuzaga kelyapti-da. Davlat o‘z nashrlarining obunasini uyushtirib beradi, tahririyatlarni moddiy jihatdan ta'minlaydi, yordam beradi lekin davlat xabarlarini yoritishda sustkashlik ro‘y bermoqda — xalqning axborotga bo‘lgan talabi yetarlicha qondirilmayapti. O‘zini o‘zi to‘liq ta'minlovchi mustaqil elektron OAVlarga esa hamma narsaga ham ruxsat yo‘q.

Albatta, davlat va hukumat yig‘ilishlari, parlamentning quyi va yuqori palatalarida o‘tadigan majlislardan xabar va reportajlar tayyorlash, ularni xalqqa taqdim etish biz uchun ham muhim. Xalqimiz ham aynan mana shunday xabar va maqolalarni ayricha qiziqish bilan o‘qiyotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Shunday ekan, prezident ishtirokidagi videoselektorlarda sayt vakili ham ishtirok etishi zaruratga aylandi. Hozirgi kunda sayt kichik imkoniyatlardan foydalangan holda imkon qadar prezidentning videoselektorlardagi so‘zlarini xalqqa yetkazib kelmoqda. Lekin imkoniyatlar cheklangani sababli bu yig‘ilishlar keraklicha qamrab olinmayapti. 

Aytish mumkinki, bunday yig‘ilishlardan reportajlar prezident imijini yanada yaxshilab, uni xalqqa yanada yaqin qilgan bo‘lardi.

15 avgust kuni saytimizga 500 mingga yaqin kishi tashrif buyurgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi jami o‘quvchilar soni bir millionga yaqinlashgan. Bu imkoniyatlardan esa to‘la va samarali foydalanish mumkin...

Bilamiz, bu bilan davlat nashrlarining «noni»ga ko‘z olaytirayotgandek bo‘layapmiz. Lekin axborot asrida yashamoqdamiz, buni unutmaslik kerak. Hozir biror axborotni yashirib, kesib, qisqartirib, kechiktirib berishdan ma'ni yo‘q. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunimizda ham axborot bozorini monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasida axborot bozori va uning ma'lum bir sohalari milliy va xorijiy informatsion tuzilmalar tomonidan monopollashtirilishi — davlat siyosatining axborot ta'minotiga tahdid sifatida qayd etilgan.

Misol tariqasida Kremlning press-puli tarkibiga e'tibor qaratsangiz bo‘ladi. Davlat TVlari, radiolari, nashrlari va agentliklaridan tashqari, xususiy nashrlar va telekanallar, hattoki mustaqil blogerlar o‘rin olganiga guvoh bo‘lasiz. Vashingtondagi brifinglarni misol keltirib o‘tirmay.

Qolaversa, tezkor axborot almashinuv zamonida davlat tomonidan barchaga teng sharoit yaratilishi davlat nashrlarimizni ham tezkorlik bilan ishlashga, axborot maydonida halol raqobatga kirishishga undaydi.

11 avgustda Prezidentimizning «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga mulkchilik shaklidan qat'i nazar, ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur tadbirlar ishlab chiqish vazifasi ham yuklatildi.

O‘ylaymizki, endi bu borada ham talab va istaklar inobatga olinadi va oldinga siljish kuzatiladi. Chunki barchamizning maqsadlarimiz mushtarak — xalqimizning axborotga bo‘lgan chanqog‘ini qondirish.

Shuhrat Shokirjonov.

KUN.UZ jurnalisti.

P.S. Shu o‘rinda yana bir jihatni qistirib o‘tib ketishni lozim, deb topdim: viloyatlardagi davlat organlari ommaviy axborot vositalari bilan ishlashda hali ham zamondan orqada qolishmoqda.

Prokuratura va uning SVVOJJDLQK departamenti, Majburiy ijro byurosi, IIB (jumladan, uning YHX boshqarmasi), DSI kabi idoralar xuddi poytaxtdagidek zarur axborotlarni xalqqa yetkazish uchun haftada bir marta brifing o‘tkazishni, ushbu brifingda viloyatdagi rahbarlarning shaxsan o‘zi oyida kamida bir marta qatnashishi yo‘lga qo‘yilsa ushbu idoralar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida kuchli aloqa o‘rnatilgan bo‘lar edi.

Top