16:05 / 16.08.2017
16641

Qarz evaziga «yorug‘ yuz» bilan to‘y qilish to‘qlik va ahmoqgarchilikning o‘zginasi

Bugungi kunning dolzarb muammolarida biri – to‘ylar, marosimlar haqidagi o‘ylarimiz bo‘lib qoldi. Maishiy ko‘ringan masala, aslida hayotimizdagi zararli odatlarning debochasi bo‘lib qolayotganini anglagan yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqda, ko‘cha va bozorlarda katta muhokamalarni boshlab yubordi.

Kun.uz muxbiri ushbu masala bo‘yicha xonanda Mahmud Namozov bilan bog‘landi. Mahmud Namozovning aytishicha, barcha paydo bo‘lgan «modadagi» urfga sabab - to‘qchilik.

«Odamlar to‘q, mablag‘i bo‘lgandan keyin har xil narsa o‘ylab topaveradi. Bunday qilishim kerak, uni o‘zgartiraman, deb har-har zamon yangi odat o‘ylab topayapti. Lekin har narsaning me'yoridan oshgani illat hisoblanadi.

Buning ustiga ko‘r-ko‘rona harakatlanish, tajribasizlik, bilimsizlik qo‘shilib ketadi. Hayotdan olaylik misolni: kimdirning puli ko‘p, dabdaba qilishni xohlaydi, kimningdir esa qurbi yetmaydi bunday hashamga. Shunday bo‘lsa ham, ikkinchi odam kuzatadi, ko‘radi, o‘ylab qoladi: «Iye, u qilganda, men qilmaymanmi» qabilida dabdaba poygasiga tushib ketadi. Bu ham bo‘lsa ikkinchi kishining bilimsizligidandir. Men birinchi misoldagi boy insonni ham oqlamayman, u aslida bilib-bilmay isrofga yo‘l beryapti, ammo keyingi inson o‘zini va oilasini jarga yetaklab ketyapti.

Bunday vaziyat yuzaga kelmaslik uchun nima qilish kerak? Odamlarga targ‘ibot zarur, ozroq nasihat qilish kerak. «Mahalla nima deydi», deb o‘tirmasdan aql bilan hisob-kitob qilib olish ham zarur.

To‘y atrofidagi illatlardan biri bu kelin tomonga jabr qilishda, deb bilaman. Kelin, aslida, uyimizga kirib kelayotgan bizning qiz emasmi?! Ota-ona uni yuvib, tarab o‘qitadi, tarbiya beradi, sog‘lom o‘stirib yana qo‘sh-qo‘llab jufti haloliga topshirib yuboradi. «Omonatini o‘z egasiga berdim» deb qo‘yadi, xolos. Bizchi? Qiz tomondan har xil narsalarni talab qilib, buyumlarni keltirishimiz, uning oilasini hisobidan taomlanish dinga ham, madaniyat ham, hech qaysi mantiq va mulohazaga ham to‘g‘ri kelmaydiku.

«Kimdir kelin tomondan bundoq narsa kelibdi», desa siz ham shu noinsoflarning oilasi kabi o‘z kelingizga jabr qiling, degani emas-ku.

To‘qchilik isrofga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, ko‘r-ko‘rona taqlidga ma'naviyati past inson qo‘l urmoqda. Aslida, ma'naviyat so‘zini ham siyqasini chiqarib yuborishdi, ayrim kaltabinlar to‘lqinlanib gapirganidek, ma'naviyat faqat yozuv va so‘zlashuvda emas. Balki mana shunday farosatsizlikka duch kelganda uning mazmuniga boqib, o‘zi uchun xulosa chiqarishda namoyon bo‘luvchi me'yor – ma'naviyat.

Kishi qarzga botib, hammaning oldida «yorug‘ yuz» bilan to‘y qilishi ahmoqgarchilikning o‘zginasi. Ongli ravishda o‘z imkoniyatlari baholashi, baholiqudrat quda-andachilikni me'yorda olib borish haqiqiy o‘zbekchilikning asl ko‘rishi degani».

Kun.uz muxbiri mana shu haqdagi fikrlarini bilish maqsadida xonanda Alisher Fayz bilan bog‘landi.

«So‘nggi paytda bu ham bir urfga aylanib bormoqda. Urfning bir uchi borib, qo‘rquvga taqaladi. «Odamlar gapiradi», «Farzandim o‘ksimasin» qabilidagi qo‘rquv bosimi kuchayib ketganidan, to‘y va marosimlarni aynan shunday o‘tkazishimiz kerak, deb hisoblaymiz.

Aksincha milliyligimiz, o‘zligimizga xos ravishda to‘ylarni o‘tkazsak bo‘ladi. Qadimdan chiroyli to‘y odatlarimiz bo‘lgan, lekin bu an'analar yangi ko‘rinishda jonlanganda faqat moliyaviy chiqim talab qiladigan bo‘lib qolmasligi lozim. Mening fikrimcha, to‘ylardagi ovro‘pacha qiliqlarni bas qilib, hammasini inkor eta olmaymiz. Bo‘shliq paydo bo‘lib qolishi tayin, ammo bu harakatlarni soddalashtirib, o‘zimizning nigohimizda, vijdon oldida ko‘zbo‘yamachilik qilmaslik kerak».

Top