Toshkent viloyati Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning murojaatlaridan so‘ng, Kun.uz tahririyati tomonidan surishtiruv o‘tkazilgan edi. Unda bolalar shifoxonasi bir kun ichida shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi binosiga ko‘chirilgani (taajjublanarlisi, Prezidentning shaharga tashrifidan bir kun avval shoshilinch ravishda shifoxona ko‘chirilib, eshik-romlari qo‘porib tashlangan), bu esa bemorlarda xavotir uyg‘otgani, biroq O‘zDSEN vakilining izohiga binoan turli kasalliklarni bir-biridan ajratgan holda davolash mumkinligi haqida yozilgan edi.

Ushbu holat bo‘yicha jarayonni o‘rganish chog‘ida boshqa ko‘pgina masalalar, ta'bir joiz bo‘lsa, tibbiyot sohasidagi illatlarning ayrimlari oshkor bo‘ldi.

Xususan, maktablardagi noqonuniy fond pullari Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasida ham borligi ma'lum bo‘ldi. Kantselyariya mahsulotlari uchun yo hamshira yoki bemor o‘z yonidan xarajat qiladi. Bundan tashqari, bemorlarga shifokorlar tomonidan qimmat dorilar (arzon va tarkibi bir xil mahalliy muqobili bo‘lgan holda) yozilishi tahririyat muxbiri suhbatlashgan bemorlar tomonidan ma'lum qilindi. Biz holatni o‘z tilimiz bilan emas, balki suhbatlashganlarimizning tilidan boricha aks ettirishga qaror qildik.

“Bular hammasi korobka yig‘adi. Nima demoqchiman? Buni isbot qilib bo‘lmaydi-ku, lekin do‘xtirlarning o‘zlari sizga yozilgan dorining qutisini olib qo‘yadi. Bor narsa bu. Masalan, davlat tomonidan shifoxonaga ajratilgan dori 14 ming so‘mlik desak, uni tugagan deyishadi va 22 minglikni yozib, shu dorini olib kel, deydi. Keyin, dorini ishlatib bo‘lgach, uning qutisi, aniqrog‘i shtrix-kodini ovolishadi”, - deydi xasta qizini ko‘tarib yurgan yigit. Uning aytishicha, shifokorlar yoki hamshiralar qani doringizni ko‘raychi, deb dorining qutisini olib qo‘yishadi.

Yana bir onaning aytishicha, “9800 so‘mlik dori bilan 32 minglik dori tarkibi bir xil bo‘lsa-da, davolovchi shifokor aynan qimmatini yozadi”.

“Ammo, 9 ming 800 so‘mlikni davlat chiqarayapti, 32 minglikni firma chiqarayapti. 9 ming 800 likni emas, 32 minglikni yozadi-da, qutisini ovoladi. Ularga (shifokorlarga demoqchi) qanaqadir protsent bor bo‘lsa kerak. Oddiy shunchaki shifokorlarning xalatidagi cho‘ntagida ham qutilar turadi. Agar ularga manfaat bo‘lmasa, chiqindiga tashlanishi kerak bo‘lgan narsalarni nima qilishadi. Hamshiralar ukol qilib bo‘lgach, yig‘ishadi. Sumkalarini ko‘ring, bir nechta quti bo‘lishi aniq”