O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 15 avgustda “O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirilgan.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faollar kengashining O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasini O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi sifatida qayta tashkil qilish haqidagi qarori ma'qullandi. 

Quyidagilar O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining asosiy vazifalari etib belgilandi:

xalqimizning estetik talab va ehtiyojlarini har tomonlama hisobga olgan holda, zamonaviy ruhdagi badiiy yuksak asarlar yaratish, katta musiqiy asarlar, jumladan, opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlar rivojiga alohida e'tibor qaratish; 

yosh kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslar, barcha ijrochilarning ijod bilan samarali shug‘ullanishlari uchun imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish; 

mamlakatimizning madaniy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda musiqa san'ati sohasida ijod qilayotgan barcha ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash; 

milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, musiqiy ta'lim-tarbiya sohasini takomillashtirish, mumtoz va zamonaviy musiqa san'atini targ‘ib qilish jarayonlarida faol ishtirok etish; 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, turli ijodiy tanlovlar o‘tkazish, bastakorlar ijodini rag‘batlantirishga qaratilgan konsertlar, festivallar, ijodiy kechalar va boshqa madaniy-ma'rifiy, ommaviy tadbirlarni tashkil etish; 

xalqaro madaniy va musiqiy hamkorlik doirasini kengaytirish, yosh kompozitor, bastakor va musiqashunoslarni zamon talablari darajasida tayyorlash, chet davlatlardagi taniqli kompozitorlar va musiqashunoslar bilan o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish; 

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida soha vakillari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish; 

Nizom talablari asosida Uyushma a'zolari safini yosh iste'dodli kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslar bilan to‘ldirib borish.