15:22 / 17.08.2017
5142

Google belarus startapini xarid qildi

Foto: Reuters

Google kompaniyasi Belarusning AIMatter nomli IT-startapini xarid qildi. AIMatter video va suratlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan Fabby ilovasining ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Bu haqida RBK xabar berdi. 

"Google dunyoning 14 mamlakatidagi "eng yaxshi ilovalar" reytingida birinchi o‘rinni olgan Fabby ilovasining ishlab chiqaruvchisi AIMatter startapini sotib oldi", - deyiladi kompaniya xabarida. 

AIMatter startapiga 2016 yilning o‘rtasida asos solingan. Uning egalari - Mail.ru'ning sobiq vitse-prezidenti Yuriy Gurskiy va Mail.ru'ning «Xaritalar» biznes-bo‘limining sobiq rahbari Yuriy Melnichek. 

AIMatter'ning hammuassislaridan biri Yuriy Melnichek  shuningdek MAPS.ME startapi (telefon xotirasiga yuklangan xaritalar asosida yo‘nalishlarni belgilovchi ilova)ning asoschisi hamdir. 

"Jamoa (AIMatter) Google'ga qo‘shiladi, lekin kim aynan qayerga - izoh bera olmayman", - degan Melnik RBKga. 

AIMatter startapi neyron tarmoqlar asosidagi texnologiyani ishlab chiqqan, u real vaqt rejimida mobil qurilmalarda videolar oqimini qayta ishlash imkonini beradi. Fabby foydalanuvchilar selfisini qayta ishlaydi, suratdagi fonni belgilaydi va uni boshqasiga almashtirish imkonini beradi.

Tomonlar shartnoma summasini oshkor qilishmagan, lekin Yuriy Gurskiy Belarusning Tyt.by portaliga shartnomadan "juda ham qoniqqani"ni ta'kidlagan. 

Top