Prezident qarori bilan tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi zimmasiga elektr energiyasi, gaz va suv uchun qarzdorlardan to‘lovlarni undirish yuklatilgan. Ayni kunda bu idora faoliyatidan norozilik holatlari paydo bo‘lmoqda.
MIB tadbirkor bilan qasdlashganda...
Muammoning avvali
Hammasi mana bunday boshlandi. Bir oy oldin, ya'ni 26 iyul kuni Bo‘z tumanida faoliyat yuritayotgan «Bo‘z sut daryosi» korxonasiga tuman MIB vakillari kirib keladi. Ularning qo‘lida korxonaning elektr energiyasidan 644 ming qarzdorlik haqida ma'lumot bo‘lib, ular ishlab chiqarish korxonasini elektr tarmog‘idan zudlik bilan uzishga kirishadi. Korxona rahbari iyun oyida ikki milliondan ortiq oldindan to‘lov qilgani va 1 iyul boshida 1 million 750 ming mablag‘i bo‘lganini bildirib, ayni paytda korxonaning qarzdor ekanidan bexabarligi, basharti elektr ta'minoti uziladigan bo‘lsa ko‘plab tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmay qolishi va korxona katta zarar ko‘rishini aytib, MIB xodimlariga yuzlanadi. Xodimlar: «Bizga korxonani uzishni yuqoridan aytishgan!» deya tushuncha beradilar.
Shu o‘rinda korxonaning qarzdorlik yuzasidan ogohlantirilmaganini eslatib o‘tamiz. Dalolatnoma tuzilmay, MIB xodimlari ketadi va birozdan so‘ng qaytib kelib, baribir elektrni uzishadi. Korxona hisobchisi zudlik bilan 700 ming so‘m to‘lov qilib, tuman MIB idorasiga borganida, nazorat qiluvchi organ vakili endi qayta ulash uchun eng kam ish haqining 10 baravarida jarima to‘langandan so‘ng elektr ulanishini aytadi. Korxona vakillarining: «Qoida bo‘yicha bizni besh kun oldin ogohlantirishinglar kerak edi-ku?», degan savoliga tuman MIB o‘rinbosari Oyatillo Ibragimov: «Qonun o‘z yo‘liga, tumanda biz bilan kelishgan tadbirkor ishlaydi!», deya «izoh» bergan.
Darhaqiqat, har qanday jamiyatda qonun va qoidalar ustuvor bo‘lishi kerak. Majburiy ijro byurosi yangi ish boshlagan tashkilot. Yuridik tashkilot va aholining katta qismi byuro faoliyati haqida OAV orqali boshlang‘ich tushunchaga egalar, xolos.
MIB bosimi
Korxonaning qonun bo‘yicha talablari tuman MIB boshlig‘iga yetib borgach, Ulug‘bek Kamolovning shaxsan o‘zi «qonunbilgich» va «qaysar» tadbirkorni «mahv» etgani va bu yerda kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun korxonaga kechqurun (soat 22:00) tashrif buyuradi. Hozirgi kun tadbirkori ham qo‘l qovushtirib turadigan anoyilardan emas. O‘z huquqlarini bilishini, MIB boshlig‘i yarim kechasi ogohlantirishsiz kelib: «Barcha ishchilarni yig‘ib kel!», deb buyruq berishga haqi yo‘qligini aytadi. Tadbirkor o‘zicha, ayni paytda korxonaning elektrdan qarzi yo‘qligi va bank orqali o‘tkazilgan to‘lov topshiriqnomalari nusxalarini MIB boshlig‘iga ko‘rsatsam foyda beradi, deb o‘ylaydi. Lekin bu Ulug‘bek Kamolovning jahlini badtar chiqardi, xolos. Yana MIB xodimlari tomonidan qog‘ozbozlik, yana dalolatnomalar tuzish, do‘q-po‘pisalar boshlanadi.










