18:25 / 18.08.2017
11851

Filippinda musulmon kishi 70 nasroniyni o‘limdan qutqarib qolgan

Filippin ommaviy axborot vositalari Nuruddin Luqmonni zamona qahramoni deya tanishtirsa ham, u o‘zini bunday hisoblamaydi. Luqmon mamlakat janubida joylashgan Maraviy shahrida 70dan ortiq nasroniyni o‘limdan qutqarib qolganini hech qanday qahramonlik emas, deya e'tirof etadi.

Al Arabiya bilan suhbatda bo‘lgan Nuruddin Luqmon bu har bir musulmon kishining oldida turgan vazifa ekanini aytib o‘tgan.

«​Jangarilar qurolli ziddiyatni kuchaytirib yuborgan payt, men mahallamiz atrofida ishlaydigan quruvchi va duradgor nasroniylarni uyimga olib kirdim. Boshqa e'tiqod vakillariga ham boshpana berishimni aytib taklif qildim. Bu o‘yinlardagi qahramonlik rolini o‘ynash sahnasi emas, inson taqdiri uchun kurash edi»​, deydi u.

Dastlab, Luqmonning uyi 44 nasroniyni o‘z bag‘riga sig‘dirgan bo‘lsa, keyinchalik ularning soni 70dan ortib ketdi. To‘qnashuvning o‘n ikkinchi kunida Nuruddinning uyida g‘amlab qo‘yilgan oziq-ovqat zaxirasi, xususan toza ichimlik suvi tugash arafasida edi. Luqmon mehmonlariga diniy kalimalarni o‘rgatib, ularni shahar tashqarisidagi xavfsiz joyga o‘tkazishni rejalashtiradi.

Oradan vaqt o‘tib, shahar jangarilardan ozod etilgach, musulmon kishining xizmatlari yuksak baholanmoqda.

«Islom boshqa e'tiqod vakilini ham himoya qilishga buyurgan», deydi 61 yoshli Luqmon.

May oyining oxirgi kunlarida jangarilar Maraviyga bostirib kirganida tinch aholi vakillaridan 45 kishi va 128 nafar harbiy qurbon bo‘lgan edi.

Mavzuga oid
Top