02:51 / 19.08.2017
6909

Yashnobodda avtomashina eshigini six orqali ochib, 1500 dollarni o‘margan shaxs ushlandi

Akmal Azizov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) to‘rt muchasi sog‘, mehnat qilishga aqli ham, jismoniy imkoniyati ham yetarli bo‘lgan yigitlardan. Lekin u yengil hayot kechirdi, tekin daromad ko‘rishni afzal bildi. U ayni kuchga to‘lgan yigirma olti yoshidayoq o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudning qora kursisiga o‘tirdi. Yoshligini va boshqa shu kabi holatlarni inobatga olib, uni hayotda to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi, xatosini tushunib yetishi uchun tayinlangan besh yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli uch yillik sinov muddati bilan almashtirildi. Biroq Akmal bu imkoniyatni o‘zgacha tushundi. Oradan ikki yil o‘tmay, bezorilik va o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilib, olti yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Mehnatsiz daromad topishni afzal bilgan Akmal shu zayl yetti yil ichida to‘rt marta sudlanishga ulgurdi va xavfli retsidivist, deb topildi. Jazoni to‘liq o‘tab, uyiga qaytdi. Uch yil davomida tinch yurdi. Lekin o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, bir kuni ko‘chadan o‘tib ketayotganida qora rangli avtomashina ko‘ziga boshqacha ko‘rindi. Atrofni biroz kuzatib turib, six yordamida avtomashinaning old eshigini ochdi. Ichiga o‘tirib, salonni tintib ko‘rib, 300 ming so‘m pul, 1500 AQSh dollari va orqa o‘rindiqdagi sport kostyumini qo‘lga kiritdi. “O‘lja” kamdek tuyuldi shekilli, avtomagnitola bilan orqani ko‘rsatib turuvchi ko‘zguni ham oldi-yu, juftakni rostladi. Katta yo‘lga chiqib, taksida Qo‘yliq dahasidagi vodiy avtoturargohigacha bordi va magnitolani noma'lum taksi haydovchisiga 25 ming so‘mga sotib yubordi.

Bu ishni hech kim ko‘rmadi, hech kim bilmadi, deb o‘ylab yurgan Akmal tez kunda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olinganida, aybini tan olishdan o‘zga chorasi qolmadi. U yana bir necha yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Top