12:25 / 19.08.2017
14198

Tesla kompaniyasining eng arzon modeli Model 3 haqidagi asosiy faktlar

Nihoyat, Amerikaning Tesla kompaniyasi uzoq kutilgan taqdimotni amalga oshirdi.  Model 3 elektrokarining seriyali namunasi namoyish etildi. Boshqacha aytganda, eng arzon modelini taklif etmoqda. Bu mashina mijozlar talabiga qanchalik javob beradi va u g‘arbda aytishganidek, avtomobil dunyosida «game changer» (o‘yinni o‘zgartiruvchi) bo‘la oladimi?

Haqiqatdan ham arzonmi?

Kompaniyada va'da berishganidek, mashinaning boshlang‘ich narxi 35 ming dollar. Bu ko‘pmi yoki kammi? AQShda masalan, bu pulga unchalik oddiy bo‘lmagan Dodge Challenger avtomobilini xarid qilish mumkin. Yoki to‘liq hajmli VW Atlas krossoveri sizniki bo‘ladi. Boshqa tomondan eng arzon «Mersedes» ham Qo‘shma Shtatlarda shuncha turadi. Shu bilan birga, u eng arzon deb aytilgan Model S elektrokaridan 2 karra arzonroq.

Ayni chog‘da birmuncha ilg‘orroq Model 3 namunasi (yurish zaxirasi ko‘proq) 44 ming dollarga aylanadi. Bunda qimmatroq namuna sohiblari Supercharger firma stansiyalaridan foydalangani uchun haq to‘lashadi.

Yana biroz muhim raqamlar haqida

Standart Model 3 batareyasi 1610 kg bo‘lib, 354 km masofani ortda qoldirishga kifoya qiladi. U 5,4 soniyada tezligini 96 km/soatga yetkazadi. Uning Long Range (uzoqroq yura oladigan namunasi) 1730 kggacha og‘irlashib, bir marta quvvatlangach 498 kmni bosib o‘tadi. Bu mashina 5,1 soniyada «yuz»ga chiqadi.

Oddiy Model 3 Supercharger stansiyasida 30 daqiqada 208 kmga yeta oladigan darajada quvvatlantirish mumkin. Shuncha vaqt ichida Long Range 272 kmga yetadigan quvvat oladi. Bunda xo‘jalikdagi elektr tarmog‘idan quvvatlantirilganda oddiy elektrokar 48 km, Long Range 60 kmga yetadigan darajada quvvatlanadi. 

Ha aytgancha, o‘lchamlari xususida. Uning gabarit uzunligi Skoda Octavia modeliga yaqinroq va 4,69 metrni tashkil etadi. Eni 1,93 metr, g‘ildiraklar bazasi 2,87 metr, klirens (yo‘l qoplamasi va kuzovning pasti bilan oralig‘i) 14 sm.
 
Muqobil boshqaruv va salondagi ulkan «ekran» haqida eshitgandirsiz?

Ha, Model 3 elektromobilining standart jihozlanishi muqobil boshqaruv uchun zarur barcha narsani o‘z ichiga oladi. Albatta, buning uchun dasturiy ta'minotni yuklashga 5 ming dollar ortiqcha to‘lash kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, 15 dyuymli sensorli ekran bo‘ladi. U orqali hammasini boshqarsa bo‘ladi. Elektrokarning alohida uskunalar paneli ham yo‘q. 

O‘rindiqni 12 usulda elektr boshqaruv tizimini yana 5 mingning bahridan o‘tib qo‘lga kiritasiz. Bu haq evaziga rul chambaragining elektr o‘tkazgichi, o‘rindiqlarni isitish, qo‘shimcha USB-tirqishlar, sabvuferli audiotizim, tumanga qarshi diodli chiroqlar bepul beriladi. Ammo, qora rangdan boshqa tusga buyurtma berish uchun yana ming dollar to‘lash kerak bo‘ladi.

Xohlovchilar navbat kutishadi

Tesla kompaniyasining rasmiy saytiga ko‘ra, elektrokarga hoziroq buyurtma bersangiz … 12 oydan 18 oygacha kutishga to‘g‘ri keladi. 

Ammo, umidsizlikka tushmang — Model 3 vaqti kelib hammaga yetadi. Mijozlarga mashinalarini yetkazib berish boshlangan va yil oxiriga borib konveyer to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi. Unda yiliga 20 ming dona avtomobil ishlab chiqariladi. 2018 yilda Tesla eksportni ham yo‘lga qo‘yadi. 

Mavzuga oid
Top