13:19 / 20.08.2017
53864

Majburiy ijro byurosi nega fuqaroga mablag‘larini undirib bermayapti?

Ma'lumki, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Majburiy ijro byurosi faoliyati yuzasidan qator norozilik kayfiyatdagi xabarlar chiqmoqda. KUN.UZ tahririyatiga ham bu kabi murojaatlar bo‘lib turibdi. Jumladan, kuni kecha tahririyatga Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Quduqsoy qishlog‘idan Nasiba Alimova keldi. U o‘z murojaatida Majburiy ijro byurosi faoliyatidan shikoyat qildi.  

Alimovaning ma'lum qilishicha, joriy yilning 18 yanvar kuni notariusdan ijro qog‘ozini olib, ijro byurosi bo‘limiga borib topshirgan. Oradan 8 oy o‘tsa hamki, hech qanday natija yo‘q ekani, ularning undirishmayotgani aytildi.

“Men Hazratqulov Ikromjon ismli fuqaroga 27 million 950 ming so‘m qarz berganman. U Yangiyo‘l tumani, "Eski qovunchi" mahallasida yashaydi. Ushbu fuqaroga notarius qarz shartnomasi orqali qarz berilgan. U turmush o‘rtog‘imning tanishi. 2015 yil 6 aprel kuni 20 kun muhlatga olgan, oradan mana 2 yil muddat o‘tdi. Haligacha qaytarib bermadi. Sud orqali ishonchnoma yordamida undirishga qaror qildim. O‘zim ijarada yashayman, 2 nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Hozir juda ham mushkul ahvoldaman”, - deydi ayol.

Uning aytishicha, Majburiy ijro byurosiga ijro xatini borib topshirganidan so‘ng, Yangiyo‘l majburiy ijro byurosi qabulxonasiga may oyida qo‘ng‘iroq qilib ishi kimda va qanday jarayonda ekani haqida qiziqqan. U yerdagi xodim esa – Pirmatova Marhabo ismli ayol unga qo‘pollik bilan munosabatda bo‘lgan. 

“U kerak bo‘lsa, kelib tekshirib ko‘r, dedi. Bundan tashqari, og‘izga olib bo‘lmaydigan turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Nima Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili ularga tegishli emasmi? Prezidentimiz fuqarolarni qabul qilinglar, muomala qilinglar, deb aytmoqdalar-ku?! U xodim esa “Bu telefon mening shaxsiy telefonim, xohlaganimni gapiraman”, deb menga qo‘pollik qilayapti. Men esa Surxondaryoda yashayman, hozir borishga imkoniyatim yo‘q, deb tushuntirdim. Kerak bo‘lsa, kelasan, dedi. So‘ng Feruza Akbarova ismli xodimga ish o‘tgan deyishdi. Uning oldiga 15 marotaba borib keldim. Menda emas ish, dedi. Xalq qabulxonasiga murojaat qildim, u yerdan ularga buyruq berishdi: “Shu nusxalar bilan ishni ko‘raverasan” deb. Keyin menga tegishli bo‘lgan ish shkafining tagidan chiqdi. Borganimdan so‘ng o‘sha yerda chang bosib yotganini ko‘rdim. So‘ng ishni ijroga qo‘yishdi, Feruza Akbarova ismli xodim shug‘ullandi. Qarzimni 500 ming, 1 million qilib undirib berishdi, boshqa undirishmadi. 15 marotaba borganimda har xil bahonalar bilan aldaydi. Bekzod Sotiboldiyev ismli boshlig‘ining oldiga ham kirdim, “Qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz, xodimlarimiz ishlashmoqda”, dedi. Jismoniy shaxslarning murojaati to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra necha kun, desam, 30 kun deyildi. 30 kundan nechtasi o‘tdi-ku? So‘ng ular 4 ijrochini qo‘shib berishdi, o‘sha qarzdorning uyiga bordik. Arzimaydigan narsalarni xatlab olishdi. Keyin ma'lum bo‘lishicha, qarzdor bir ijrochining qarindoshi ekan, shuning uchun orqaga surib, shunday o‘yinlar qilishayotgan ekan. Undan keyin portalga yozdim, natijasiz javob xati keldi”, - deydi Alimova.

Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida xonadonlarni ta'mirlash bilan shug‘ullanadi. Oilada qarzga berilgan pullarni esa “Uy olamiz”, degan maqsadda yig‘ib yurishgan.

“25 iyul kuni Majburiy ijro byurosi direktori Botir Qudratxo‘jayevning qabulida bo‘ldim. U 10 kun muhlatda qarzi undirib beramiz, deb va'da bergandi”, - deydi ayol.

Xalqimizda yaxshi bir gap bor. Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Majburiy ijro byurosi faoliyatidan ayni kunda aholi o‘rtasida norozilik kayfiyatining kuchayib borayotgani bor haqiqat. Umid qilamizki, yuqori lavozimdagi mutasaddi rahbarlar bu vaziyatga e'tibor qaratib, kerakli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Mavzuga oid
Top