12:10 / 21.08.2017
9903

«Agrobank» Jizzaxdagi biolaboratoriya bilan bog‘liq muammoga oydinlik kiritdi

2017 yilning 20 avgust kuni KUN.UZ saytida «Agrobank» haqmi yoki biolaboratoriya? Zarbdordagi chigal muammoni kim hal qiladi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Unda Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi biolaboratoriyaning bir guruh xodimlari nomidan xat kelgani hamda «Agrobank» faoliyatidan paxta imtiyozli kreditidan ajratilishi lozim bo‘lgan maqsadli kredit mablag‘lari tufayli jiddiy norozilik bildirilgani haqida so‘z yuritiladi.

«Agrobank»ning KUN.UZ’ga bildirishicha, qishloq xo‘jalik korxonalariga paxta hosili yetishtirishni moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2007 yil 14 aprelda 1675-son bilan ro‘yxatga olingan «Qishloq xo‘jaligi korxonalarining davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan paxta va g‘alla yetishtirish xarajatlarini tijorat banklari tomonidan kreditlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan ajratiladi.

Fermer xo‘jaliklariga imtiyozli kreditlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yo‘naltiriladi. 

Ma'lum qilinishicha, hosilni yetishtirish uchun agrotexnik xarajatlarning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan «Ekinlarni yetishtirish xarajatlarining har bir turini moliyalashtirish uchun beriladigan kreditlarning eng ko‘p miqdori yuzasidan tavsiya»larga asosan har yili alohida belgilanadi. Mazkur tavsiyaga ko‘ra, moliyalashtirish paxta ekilgan maydoniga nisbatan emas, balki yetishtiriladigan hosil hajmiga asosan amalga oshiriladi.

Bankning izoh berishicha, shunga asosan, 2017 yilda paxta yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga o‘simliklarga biologik usulda ishlov berish uchun har bir tonna mahsulot uchun 7 896 so‘m (2016 yilda ushbu me'yor 7 212 so‘m bo‘lgan) miqdorida mablag‘ to‘lanishi belgilangan. 

Ya'ni, fermer xo‘jaligi tayyorlov korxonasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 10 tonna maxsulot yetishtirayotgan bo‘lsa, u g‘o‘zani biologik usulda ishlov berish uchun imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan jami 78 960 so‘m sarflashi mumkin. Misol uchun, fermer xo‘jaligiga xususiy biolaboratoriyalar tomonidan 100 000 so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, ushbu fermer xo‘jaligi imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan biolaboratoriya tashkilotlariga me'yorga asosan eng ko‘pi bilan 78 960 so‘m mablag‘ to‘lay oladi. Qolgan qarzdorlikni esa fermer xo‘jaligining boshqa daromadlari (yakuniy hisob-kitob, ustav va boshqalar) hisobidan qoplaydi.

Ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha to‘lovlar imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan fermer xo‘jaliklarining to‘lov hujjatlariga asosan amalga  oshiriladi.

Bankning bildirishicha, maqolada keltirilgan «Gulnoza-Zulxumor» biolaboratoriyasi tomonidan Zarbdor tumanida joylashgan 53 ta fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lib, ushbu fermer xo‘jaliklarining imtiyozli kreditlari hisobidan biolaboratoriyalar xizmati uchun to‘lashi mumkin bo‘lgan mablag‘larning eng ko‘p miqdori 18 417 ming so‘mni tashkil etadi. 

Haqiqatda fermer xo‘jaliklari tomonidan «Gulnoza-Zulxumor» biolaboratoriyasi biolaboratoriya xizmati uchun 25 599 ming so‘m to‘lov amalga oshirilgan (1675-sonli Nizomning 6-bandiga asosan «Qishloq xo‘jaligi korxonasining biror-bir xarajat turi bo‘yicha to‘lovlarga ehtiyoji bo‘lmagan hollarda paxta va g‘alla yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa ruxsat etilgan xarajat turlari bo‘yicha ishlatilishi mumkin»).

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, xususiy biolaboratoriyalar qishloq xo‘jaligi korxonalariga ko‘rsatilgan xizmatlari uchun mablag‘larni imtiyozli paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratiladigan kreditlar hisobidan belgilangan me'yorlar asosida undirishi mumkin. Belgilangan me'yordan ortiqcha qarzdorlikni esa fermer xo‘jaliklarning mahsulot sotishdan tushadigan yakuniy hisob-kitob mablag‘lari hamda xo‘jaliklarning o‘z mablag‘lari hisobidan undirishi lozim», - deyiladi «Agrobank»ning izohida.

Bundan tashqari, «Agrobank» mas'ul xodimlarining bildirishicha, Jizzaxdan yozilgan shikoyatning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilishiga asosiy sabab – vaziyatga xolisona baho berishga erishishdir.

Top