21:50 / 21.08.2017
4381

Barselona yaqinida «xudkush kamari» taqqan shubhali shaxs o‘ldirildi, u 17 avgust terakti ijrochisi bo‘lishi mumkin

Barselona shahridan 50 km masofada joylashgan Subiratse shaharchasida politsiya «xudkush kamari» taqib olgan shaxsni otib tashladi. Bu haqda El Mundo xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, politsiyachilar Subiratse yaqinidan o‘tadigan 243-shossening 16-kilometrida terrorchini aniqlashgan. Hududda Barselona va Kambrilsdagi teraktlar doirasida tekshiruv o‘tkazilayotgan edi. Ro‘y bergan otishma vaqtida terrorchi o‘ldirilgan.

Pais nashrida ushbu shaxs Barselonadagi terakt ijrochisiligidagi asosiy gumondor, 22 yoshli Yunus Abuyoqubga o‘xshashligi yozilgan. Tergov ma'lumotiga ko‘ra, Abuyoqub shahar markazida odamlar ustiga haydab borilgan furgon rulida bo‘lgan.

Subiratseda o‘ldirilganning shaxsi hozircha tasdiqlanmadi.

Barselonadagi terakt 17 avgust kuni sodir etildi. Terrorchi Rambla ko‘chasida yo‘lovchilar ustiga yurdi. U 500 metr masofada odamlarni bosib yurdi, shundan so‘ng avtomobildan chiqib, ko‘zdan yashirindi. Keyinroq u o‘tkinchi haydovchisini o‘ldirib, mashinani olib qochdi.

Barselonadagi ushbu hujumdan 9 soat o‘tib terrorchilar guruhi bu shahardan 120 km masofada joylashgan Kambrilsda odamlarga hujum uyushtirmoqchi bo‘ldi. Mashinada odamlar ustiga bosib bormoqchi bo‘lgan 5 terrorchi politsiyachilar tomonidan otib tashlandi.

Barselona va Kambrilsdagi hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 15 kishini tashkil qildi, yuzdan ortiq kishi jarohatlanib shifoxonaga yotqizildi.

Mavzuga oid
Top