20:20 / 21.08.2017
20079

Qozog‘istonlik tennischi murabbiyiga: «Ahmoqona iljayishing bilan ko‘zimdan yo‘qol»

Jahonning 52-raketkasi, qozog‘istonlik tennischi Yuliya Putintseva yakshanba kuni Nyu-Heyvendagi turnirda fransiyalik Alize Kornega 0:6, 0:6 hisoblarida yutqazdi. U o‘yin davomida o‘z murabbiyi Roman Kislyanskiydan qattiq norozi bo‘lgan.

O‘zining hissiyotga beriluvchanligi bilan tanilgan 22 yoshli tennischi qiz birinchi set vaqtida 0:3 hisobida yutqazayotgan mahali murabbiyini kortga chaqirgan:

«...O‘zingning ahmoqona videongni tomosha qilib o‘tiribsan. Umuman, sen shunaqa ahmoqmisan? Men to‘pni yutib olganimda biron marta qarsak chalib qo‘ymading. O‘tirib olib o‘sha videongni tomosha qilasan. <...> Ular men xato qilganimda raqibimni qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Sen unday qilmayapsan. 

Sen nima qilayapsan o‘zi, nega bu yerga kelding? (Uning o‘zi murabbiyni chaqirgandi) Jonimga tegding. Ahmoqona iljayishing bilan bu yerdan yo‘qol», degan tennischi.

Shundan so‘ng murabbiy «Barchasi tushunarli» deya kortdan chiqib keta boshlaydi.

Ikkinchi set vaqtida Putintseva asablarini chiday olmasdan raketkasini chimga qayta-qayta urib sindirib tashlaydi.

Bahsdan keyin intervyu bergan Alize Korne bu vaziyatga ham to‘xtalgan. U raqibasi ajoyib tennischiligi, ba'zida hissiyotga berilib ketishi, o‘zida ham bunday holatlar bo‘lib turishini aytib o‘tgan.

Top