17:50 / 21.08.2017
8951

Makronning rafiqasiga ortiqcha xarajatlarsiz birinchi xonim bo‘lishga ruxsat berildi

Foto: AP

Yelisey saroyi mamlakat prezidentining rafiqasi maqomini aniqlashtiruvchi shaffoflik xartiyasini chiqardi.

Hujjatga muvofiq, «Fransiya prezidenti rafiqasining jamiyatdagi roli va vazifalari» aniqlashtirilgan. Xususan, ko‘rsatilishicha, u eriga rasmiy tashriflar va xalqaro sammitlar davomida hamrohlik qilishi mumkin.

Bundan tashqari, ayol Fransiyaning xalqaro ta'sirini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan tadbirlarni ham o‘zi tashkillashtirishi mumkin. Ustuvor jihatlar orasida – fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro aloqa, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, bolalarni himoya qilish va jinslarning tengligi masalalari bor. 

Jamoatchilikning xavotiriga sabab bo‘lgan hamda Emmanuel Makronning reytingi tushishiga olib kelgan asosiy savolga javob xartiyaning ikkinchi qismida bor. U yerda aytilishicha, prezident rafiqasida o‘z byudjyeti, maoshi, shuningdek, hukumat xarajatlari bo‘lmaydi. U ikki maslahatchi, kotiblar guruhi, davlat tomonidan taqdim etiluvchi qo‘riqlash xizmatidan umid qilishi mumkin, xolos.

Yelisey saroyi Fransiyaning birinchi xonimi bilan bog‘liq istalgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qilishga va'da bergan.

Emmanuel Makron Fransiya prezidentligi uchun saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng, davlat g‘aznasidan rafiqasi Brijitga mablag‘lar ajratish va uni parlament orqali qabul qilishga imkon beruvchi birinchi xonim nizomini qabul qilishni taklif qilgandi. Shunday bayonotlar fonida Makronning reytingi 54 foizga tushib ketdi. 

Top