14:20 / 22.08.2017
7651

Atamboyev Qirg‘iziston bosh vaziri vazifasini bajaruvchini tayinladi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev seshanba kuni bosh vazir o‘rinbosari Muhammadkali Abdulgaziyevni hukumat rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Bundan avvalroq Qirg‘iziston prezidenti bosh vazir Sooronbay Jeenbekovni iste'foga chiqarish haqidagi farmonini imzolagandi. Jeenbekov prezidentlik poygasiga kirishishi munosabati bilan vakolatini topshirdi. Dushanba kuni Markaziy saylov komissiyasi unga nomzodlik guvohnomasini taqdim etdi.

Qirg‘iziston bosh vaziri iste'foga chiqdi

Ungacha mamlakatning sobiq bosh vaziri, «Oq Shumkar» partiyasi boshlig‘i Temir Sariyev va «Respublika Ota Yurt» partiyasi qurultoyi parlamentdagi muxolifat yetakchisi, Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Omurbek Babanov (U Qirg‘izistonning eng badavlat shaxslaridan biri) ham saylovda nomzod sifatida tasdiqlangandi.

Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, hukumat rahbari prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgach, qisqa muddat ichida saylov yakuniga qadar vazifasidan ketishi yoki butunlay iste'foga chiqishi kerak bo‘ladi. Jeenbekovning iste'fosi butun hukumat iste'fosini anglatadi.

25 avgust kuni Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) navbatdan tashqari sessiyasini o‘tkazadi. Unda yangi shakllantirilgan hukumat tanishtirilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top