Vazirlar Mahkamasining 9.08.2017 yildagi 606-son qarori bilan FVV, O‘zgidromet va "Davsuvxo‘jaliknazorat" davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV)
Vazirlik tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, fuqaro muhofazasi, gidrometeorologiya, gidrotexnik inshootlarning barqaror faoliyatini ta'minlash, seysmik kuzatuvlar, kichik hajmli kemalarni bexatar ishlatilishini, suv obektlarida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish ishlarini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlikning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari, Gidrometeorologiya xizmati markazi, «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi, Seysmoprognostik monitoring respublika markazi, shuningdek idoraviy bo‘ysunuvdagi boshqa tashkilotlar FVVning yagona tizimini tashkil etadi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri Bosh vazir taqdimiga binoan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosarlar Prezident tomonidan lavozimiga tayinlanadi va undan ozod etiladi (ilgari – Vazirlar Mahkamasi tomonidan).
Pochta manzili: 100084, Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Kichik halqa yo‘li, 4-uy.
FVV huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet)
Gidrometeorologiya sohasidagi masalalarni hal qiluvchi maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Markaziy apparat, hududiy gidrometeorologiya boshqarmalari, «Gidrometpribor» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, «Meteoinfosistem» axborot-texnik boshqarmasi, Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti, Toshkent gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji, shuningdek idoraviy bo‘ysunuvdagi boshqa tashkilotlar “O‘zgidromet”ning yagona tizimini tashkil qiladi.
O‘zgidromet bosh direktori Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, birinchi o‘rinbosari esa — Prezident bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Bunda bosh direktor maqomi va mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari esa — vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
















