19:40 / 22.08.2017
64791

Tibbiyotdagi eng xavfli 10 jarayon

Tig‘ ostiga yotish yoki biror bir dori vositasini qabul qilishdan avval uning zarur ekaniga ishonch hosil qiling. "Ortodoks" tibbiy portali tibbiyotdagi xavfli jarayonlarga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Kompyuter tomografiyasi

Shifokor sizga kompyuter tomografiyasi (KT) kerakligini aytsa, bunga rozi bo‘lishga shoshilmang. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, so‘nggi vaqtlarda tez-tez tavsiya qilinayotgan kompyuter tomografiyasi ayrim turdagi saraton kasalliklarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu tibbiy jarayonda inson oddiy rentgenografiyadagi nurlanish dozasidan 200 barobar ko‘p nurlanar ekan. Aksariyat mutaxassislar kompyuter tomografiyasiga berilgan yo‘llanmalarning 10-30 foizi noto‘g‘ri belgilangan, deb hisoblashadi.

KT - nisbatan tezkor va arzon usul bo‘lsa-da, magnit-rezonans tomografiyasi unga qaraganda xavfsizroq. Tashxis qo‘yish usulini tanlash uning samaradorligiga bog‘liq. Shifokor imkon qadar ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishi kerak. Biroq buning uchun bemorlarni bo‘lar-bo‘lmasga nurlantirish shart emas.

Yelka sohasidagi operatsiyalar va steroidlarning epidural inʼeksiyalari

Ularni ba'zan umurtqa pog‘onasi atrofidagi og‘riqlarda belgilashadi. Biroq ukoldan keyin yuzaga keladigan salbiy asoratlar, masalan, falaj yoki nevrologik muammolar bu jarayon haqida oldindan ma'lumotga ega bo‘lishni talab qiladi.

Bundan tashqari, mutaxassislar epidural inʼeksiyalar bo‘yin va yelka sohasidagi surunkali kasalliklarda yaxshi samara bermasligidan ogohlantirishmoqda. Og‘riqlar asab tolalarining yallig‘lanishi - ishias natijasida yuzaga kelgandagina inʼeksiya yallig‘lanish va og‘riqlarni kamaytirishi mumkin, shunda ham vaqtinchalik. Qator holatlarda fizioterapiya ancha ko‘proq samara berishi mumkin.

Malakali shifokorlar bunday kasalliklarni jarrohlik yo‘li bilan davolashga shoshilishmaydi. Operatsiya zarur bo‘lganda ham, shifokorlar ko‘pincha oddiy amaliyotlar o‘rniga o‘zini oqlamaydigan murakkab jarayonlarni o‘tkazishadi. Shunday ekan, operatsiyaga rozi bo‘lishdan avval bir necha tajribali mutaxassis fikrini biling.

Antibiotiklar

Shamollashda birinchi navbatda antibotik qabul qila boshlaymiz va bu jiddiy xato. Antibiotiklar tavsiya etiladigan bemorlarning aksariyatiga ularning mutlaqo keragi yo‘q.

Gap shundaki,  nafas yo‘llari infeksiyalarining katta qismi - 95 foizi - viruslar natijasida yuzaga keladi. Antibiotiklar esa faqat bakteriyalarga ta'sir qiluvchi xususiyatga ega, viruslar bilan kurashda esa befoyda.

Bunday holatlar jiddiy salbiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Antibiotiklarni haddan tashqari ko‘p qo‘llash ularga chidamli bakteriyalarning ko‘payishiga olib keladi. Natijada esa bemorlarga zarur paytda yordam berishi mumkin bo‘lgan dorilar kamayadi.

Ko‘krakni qayta tiklash

Mastektomiyadan keyin ko‘krakni qayta tiklash ayollarning normal hayotga qaytishi uchun ajoyib imkoniyat, albatta. Biroq aksariyat bemorlar bu tibbiy jarayonning naqadar jiddiy ekanini anglab yetishmaydi. 

Ko‘krak jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangandan keyin uni qayta tiklovchi plastik operatsiya eng qiyin plastik operatsiyalardan biri hisoblanadi. Ko‘krak saratoni mag‘lub qilingandan so‘ng organizmning qayta tiklanishi uchun muayyan vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun jarrohlik amaliyotidan keyin plastik operatsiyaga yozilishga shoshilmang. Bu organizm uchun yuqori darajali xavf uyg‘otadi.

Mutaxassislar ko‘krakni qayta tiklovchi operatsiyani yo mastektomiya bilan bir vaqtda, yoki operatsiyadan bir yildan kam bo‘lmagan vaqt o‘tgandan so‘ng amalga oshirishni tavsiya qilishadi.

Amniosentz

Bu jarayon barcha homilador ayollarga belgilanmasa-da, ba'zi holatlarda, qon yoki UTT tahlillari xavotir uyg‘otganda tavsiya qilinadi. Bu tekshiruv bolada xavfli defektlar va kasalliklarning bor yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Tashxisning bunday usuli homila genlari va xromosomalari haqida 100 foiz ma'lumot beradi. Amniosentez homila atrofidagi suvlarning labaratoriyada tekshirish maqsadida amniotik soha punksiyasini o‘tkazishdan iborat.

Bu tibbiy jarayonda homila tushishi xavfi oshadi - 1X400. Hatto shifokor tavsiya qilgan holatda ham, bo‘lg‘usi ona bu jarayondan voz kechishi mumkin.

Kesercha kesish

Kesercha kesish keragidan ko‘p holatlarda o‘tkazilishi sir emas. Aslini olganda, bu infeksiyalar, qon ketishi va hatto o‘lim kabi qator asoratlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy operatsiya hisoblanadi. Amerika akusher va ginekologlari kolleji (ACOG)ning yaqinda taqdim etilgan tavsiyalari bu tibbiy jarayonni cheklashga yo‘naltirilgan.

Kesercha kesishning amalga oshirilishiga ko‘pincha bolaning vazni sabab bo‘ladi. Biroq vaznga oid taxminlar har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Agar bola ona qornida noto‘g‘ri joylashgan bo‘lsa, uni to‘g‘ri holatga keltirish uchun maxsus xatti-harakatlarni qo‘llash tavsiya etiladi. Buning ham xavfli tomoni bor, albatta, lekin kesercha kesish xavfi darajasida emas.

Agar farzandingizni birinchi marta kesercha kesish orqali dunyoga keltirgan bo‘lsangiz, keyingilarida ham shu usulni qo‘llashga majbur bo‘lishingiz haqidagi gaplarga ishonmang, bunday emas.

Qalqonsimon bez tekshiruvlari va operatsiyalar

Ayrim shifokorlar muntazam ravishda qalqonsimon bez saratoniga tekshiruvdan o‘tishga chaqirishadi - bu bahsli mavzu. Gap shundaki, tekshiruv jarayonida ko‘p bemorlarning qalqonsimon bez sohasida tugunlar borligi aniqlanadi. Biroq bu tugunchalar kamdan-kam holatlarda xavfli hisoblanadi, ular deyarli hech qachon kattalashmaydi va ortiqcha bezovta ham qilmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, UTT tekshiruvlarida shunday tugunchalar aniqlansa, uning ketidan biopsiya va, ehtimol, qalqonsimon bez olib tashlanuvchi operatsiya o‘tkazilishi mumkin. Bundan keyin esa umr bo‘yi gormonal  preparatlar qabul qilishingizga to‘g‘ri keladi. Bularning bari salomalikka hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydigan xavfsiz o‘simtalar tufaylidir.

Prostatadagi xavfsiz o‘simta operatsiyasi

Shifokorlar orasida muhokamaga sabab bo‘luvchi yana bir mavzu - doimiy tarzda prostata saratoniga tekshiruv o‘tkazish. Prostata o‘simtalarining aksariyati odatda xavfsiz bo‘lib, jarrohlik aralashuvi yo og‘riqli biopsiyani talab qilmaydi.

Ba'zi shifokorlarning fikricha, muammo - onkologiyaning haddan tashqari tijoriylashib ketganida. Bemorlarda biror o‘zgarish aniqlansa, ularga agressiv va qimmatbaho davolanish usullari tavsiya etiladi, aslida esa busiz ham uddalasa bo‘ladi.

Mutaxassislarning aksariyati prostata tekshiruvlarini 50 yoshdan keyin o‘tkazish kerakligini ta'kidlaydi. Faqat avlodida shu kasallik kuzatilgan erkaklargina bunday tekshiruvlarni ertaroq o‘tkazishlari mumkin.

Bunday holatlarda amalga oshiriladigan jarrohliq operatsiyasi peshobni ushlab tura olmaslik va jismoniy disfunksiya kabi salbiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligini unutmang.

Gisterektomiya

Avval bachadon miomasi bilan kurashishning yagona yo‘li -gisterektomiya, ya'ni bachadonni olib tashlash hisoblangan. Albatta, "bachadon yo‘q bo‘lsa, muammo ham yo‘q bo‘ladi" tamoyiliga amal qilish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, bugungi kunda miomani davolashning nisbatan xavfsiz usullari ham bor.

Ulardan biri - bachadon arteriyalari embolizatsiyasi. Bu jarayon o‘simtaga qon kelib tushishini bloklaydi va uning hujayralari buzilishiga olib keladi.

Niderlandiyada o‘tkazilgan tadqiqot miomaga yo‘liqqan bemorlarning uchdan ikki qismi embolizatsiya yordamida gisterektomiyani chetlab o‘tishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bunda ko‘p narsa o‘simtaning hajmi va uning lokalizatsiyasiga bog‘liq. Ba'zi holatlarda bachadonni olib tashlashga to‘g‘ri keladi.

Agar bachadon bilan birga tuxumdonlar ham olib tashlansa, yurak va suyaklarga salbiy ta'sirning oldini olish uchun tabiiy menopauzaga qadar gormonal preparatlar qabul qilish tavsiya etiladi.

Menopauzadan keyin gormon o‘rnini bosuvchi dori vositalarini qabul qilish

Gormonlar o‘rnini bosuvchi davolash jarayonlari menopauza bilan bog‘liq salbiy asoratlarning oldini olish uchun o‘tkaziladi. Shuningdek estrogenning yurak va suyaklarga foydasi haqida ham gapiriladi.

Biroq eng yangi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bunday terapiya yurak-qon tomir tizimiga ijobiy emas, aksincha, salbiy ta'sir o‘tkazar ekan.

Gormonlarning noo‘rin qabul qilinishi shuningdek insult va saratonning ayrim turlari xavfini oshirishi mumkin. Tarkibida gormon bo‘lgan kremlarning qo‘llanishi va hatto antidepressantlarni qabul qilish menopauzada nisbatan xavfsiz terapiya hisoblanadi.

Top