11:46 / 22.08.2017
6203

Tramp Vashingtonning boshqa davlatlar tuzumlarini o‘zgartirishini tanqid qildi

AQSh prezidenti Donald Trampning bayonot berishicha, u Vashingtonning boshqa davlatlarni Amerika xohlaganidek qayta qurish siyosatini qayta ko‘rib chiqadi. Tramp bu haqda Afg‘oniston va Janubiy Osiyo xususida millatga murojaatida so‘z yuritdi.

«Men amerikaliklarning AQSh yuritayotgan tashqi siyosatdan noroziliklarini tushunaman. Amerika o‘z xavfsizligimizga rioya qilish o‘rniga, boshqa davlatlarni o‘zimiz xohlagandek o‘zgartirish uchun juda ko‘p vaqt, quvvat, pul va eng muhimi insonlar umrini yo‘qotdi», —degan Tramp. 

Amerika yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, shu munosabat bilan u Afg‘oniston va Janubiy Osiyodagi Amerika siyosatini qayta ko‘rib chiqishga ko‘rsatma bergan. 

U, shuningdek, Vashington demokratiyani boshqa mamlakatlarga eksport qilishda Amerika qurolli kuchlaridan foydalanmasligiga va'da berdi. Prezident nutqi Pentagon saytiga joylashtirilgan.

«Biz Amerika qurolli kuchlarini uzoq o‘lkalarda demokratiya qurishda foydalanmaymiz yoki boshqa mamlakatlarni o‘zimiz xohlagandek qayta tiklashga urinmaymiz», — dedi Tramp Vashington yaqinidagi Fort-Mayyer harbiy bazasidagi chiqishida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hamkorlari bilan birga, ularning hayotini o‘zgartirishga urinmagan holda umumiy qadriyatlar va maqsadlarga intiladi. 

Top