15:50 / 22.08.2017
20447

Zafar Hoshimov – lotin alifbosi, o‘zbek tilining mavqeyini oshirish va chet tillarga hurmat saqlash haqida

«Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov Telegram'dagi kanalida o‘zbek tili, lotin-kirill mavzusi va chet tillarga munosabat masalasidagi qarashlarini bayon etdi. Kanaldagi boshqa postlar kirill alifbosida yozilgani holda bu post lotin imlosida yozilgan, muallif bu orqali lotin imlosi tarafdori ekanini ifodalagan.

Tilni hurmat qilish - vatanparvarlik

Ertalab Facebook-lentamda bir insonning 1990 yillar boshida otasi Latviyaga borgani, u yerda, garchi hamma rus tilini bilsada, u bilan hech kim qasddan rus tilida gaplashmagani, shu amallari bilan latviyaliklar o‘z vatanparvar, tilparvarliklarini namoyish qilganliklari haqidagi hikoyani o‘qib qoldim. Va, shu tariqa, hikoyachi tilimizga hurmatimiz naqadar kamligi, hali hanuz ko‘pgina vatandoshlarimiz rus tilidan o‘zini «ozod va mustaqil» qila olmaganliklarini chuqur tanqid ostiga oldilar

Men bu masalaga biroz farqliroq yondashmoqchiman.

Iqtisodda talab va taklif tushunchalari bor. Ya'ni, talab taklifni uyg‘otadi, taklif esa talabni qondiradi. Bu yerda «nega unaqamiz, nega bunaqamiz», deb boshimizga tuproq sepib, xo‘rlanishimizdan hech qanday foyda yo‘q.

Va o‘zbek tilining mavqeini oshirish uchun hayotimizdan rus yoki boshqa biror tilni «yo‘qotaylik» yo‘sinida ish tutish mutlaqo noto‘g‘ri. Bunday qarashlar xalqning bilimini, obro‘yini va, shu orqali, tilimizning mavqeini ham yanada tushiradi, deb ishonaman.

Xo‘sh, xalqimizning o‘z ona tilimizga bo‘lgan talabini oshirish, uni «raqobatbardosh» qilish uchun qanday ishlar amalga oshirishimiz kerak, degan savol tug‘iladi.

Avvalambor, tilga ta'rif beraylik. Til — bu bilim, fikr, axborot almashish va muloqot vositasidir.

1. Bilimdan boshlaylik. Masalan, zamonaviy matematika, informatika, falsafa, psixologiya, iqtisod yoki boshqa istalgan fan yoki sohani olsak, bunda qariyb 90 foiz yangi bilim ingliz tilida barpo bo‘layapti, qolgan 10 foizi dunyoning boshqa tillarida (rus tilida 1 foizdan kam). Xuddi shuning uchun ham  shaxsan men biz o‘zbek tilining (lotin alifbosi) ingliz va boshqa chet tillarini o‘zlashtirishdagi o‘rnini tushungan holda garchi o‘zimga ham kirillda yozish osonroq tuyulsada, lekin lotin alifbosiga o‘tishimizning qizg‘in tarafdoriman...

Sababi, yoshligimizda ingliz tilini o‘qitishda qariyb bir yilni lotin harflarini o‘rganishga sarf qilardik, shunda ham qator o‘quvchilar bu alifboni chala o‘zlashtirar edi. Lotin harflari dunyoning bugun kunda mashhur tillarini o‘rganishimizga bir yaxshi qadam bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Davom etamiz, chet tillaridagi yangi asar va tadqiqotlarning 5—10 foizi — eng mashhurlari — nisbatan qisqa fursatda rus tiliga tarjima qilinadi. O‘zbek tiliga qanchasi tarjima bo‘layapti, deb so‘rasangiz, «0 (nol) foizga yaqin», desam xato bo‘lmas. Shukr qilishimiz kerakki, aksariyat vatandoshlarimiz rus tilini biladi va shuning uchun ham zamonaviy ilm manbalariga shu kichikkina darcha orqali bo‘lsa-da, nazar sola bilishadi. Zamonaviy ilmga katta yo‘l ochamiz desak, yoshlarimizning ingliz, farang, olmon, xitoy va shu jumladan, rus tilini ham o‘qishga bo‘lgan intilishilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

2. Eng ilg‘or va qiziqarli fikrlar eng ilg‘or va qiziqarli ilm asosida ro‘yobga chiqadi. Bu borada islom ilmini o‘rganayotgan vatandosh olimlarimiz misolini ko‘raylik. Rahmatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bitgan kitoblar, chiqargan ovozli ma'ruzalar, talaygina din peshvolarimiz, imomlarimiz, ularning qator shogirdlari shu kunga qadar chiqargan va chiqarayotgan kitob hamda maqolalar, ijtimoiy tarmoqlarda yuritayotgan sahifalari shaxsan meni ona tilimiz boyligi va unda fikrni izhor qilish go‘zalligi bilan doim hayratlantirib kelgan. Bu kitoblar yuz minglab, millionlab nusxalarda keng tarqalib, ijtimoiy sahifa, sayt va kanallarda minglab-minglab tildoshlarimizga ona tilimizni targ‘ib qilib kelmoqda.

Bu misol, menimcha, ona tilimizga bo‘lgan talabni qanday kuchaytirish kerak, degan savolga eng yaqqol javob bo‘la oladi. Agar biz boshqa barcha sohalarga shu tajribani qo‘llay olsak, ya'ni, olim, tadqiqotchi va tarjimonlarimiz ilg‘or dunyo ilmlarini shu tariqa keng ommaga ona tilida yetkazganlarida edi, dunyo adabiyoti gavharlari ona tilimizga sifatli tarjima qilinib, ularning adadi serob qilinganida edi, «Ona tilimizda gaplashaylik!», degan da'vatlarga hojat qolmagan bo‘lardi.

Shu o‘rinda, «Nega vaabshe o‘zbe tilida yozmisiz?», deb birovlarga tanbeh beradigan tanqidchilarga: «Avval o‘zingiz o‘zbek tilini mukammal o‘zlashtirib oling, so‘ng bu tilda ijod qiling; to‘rt satr she'r yoki hikoya biting, hech bo‘lmasa, kichik bir hikoyani o‘zbek tiliga tarjima qiling va Telegram, Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoq orqali tarqating; shu amal ona tilimiz uchun 30 yil hammaga «o‘zbecha yozila», «o‘zbecha gapirila», deb yurgandan afzalroqdir», degim keladi (ushbu tanbeh luqmalar mualliflar imlosida keltirilgani uchun uzr so‘rayman).

3. Tilning axborot va mafkura vositasi sifatidagi roliga kelsak, aminmanki, bu alohida e'tiborga loyiq mavzu. Sababi, bugungi kunda dunyoda propaganda (targ‘ibot va tashviqot ishlari) juda kuchli. Davrimizning borliq va hodisalari haqida atroflicha, xolis va to‘liq axborot olish nafaqat hozirgi kunimiz, balki kelajagimizni belgilaydigan eng muhim omillardan biridir. Shu borada aytmoqchimanki, yaqin-yaqinlargacha ham mamlakatimizdagi ichki holat va tashqi hodisalarning milliy ommaviy axborot vositalari tomonidan o‘zbek tilida yoritilishi juda sust va zaif edi.

O‘zbek televideniyesi, radiosi, gazetalari xabarlarni ancha yuzaki va chala yoritar edi. Hatto dunyoda yoki vatanimizda bo‘layotgan muhim hodisa va jarayonlar kechikib berilar — ba'zan chala yoritilsa, ba'zan mutlaqo sukut afzal ko‘rilar edi. Bu informatsion bo‘shliqni, turgan gapki, chet el ommaviy axborot vositalari, birinchi navbatda — tili tushunarli bo‘lgani sabab — Rossiya mediasi egallab boshlagan edi. Bu qator hollarda milliy mafkuraga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan xavfli bir ahvoldir. Biroq so‘nggi vaqtlarda, shukrlar bo‘lsinkim, bu hol asta o‘zgarayapti: milliy telekanallar, axborot ko‘rsatuvlari va muhokamalar rivojlanib, milliy televideniyeni ko‘rish tobora qiziqarli bo‘lib borayapti. Albatta, bu omil ham tilimizning mavqei va unga bo‘lgan halq orasidagi talabni oshiradi.

4. Endi odamlar orasidagi muloqotga keladigan bo‘lsak, yuqorida qayd etilgan jarayonlar rivojlangani sari, bu sohada ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘lami oshaveradi. Axir hamma ham eshitgan va o‘qiganlari narsalari haqida o‘sha eshitgan va o‘qigan tilida fikr almashishi tabiiy. Ya'ni, qancha ko‘p xabar o‘zbek tilidagi bo‘lsa, uning muhokamasi ham o‘zbek tilida bo‘lishi shu qadar aniq .

Ushbu fikrlarim yakunida aytmoqchi bo‘lgan asosiy g‘oyalar:
chet tillarini (rus tili ham bundan aslo mustasno emas) chuqur o‘rganaverishimiz kerak, bunga bilimlar xazinasiga kalit deb qarashimiz maqsadga muvofiqdir;
shu bilan birga, o‘zbek tilida ko‘p va sifatli kontent tayyorlash kerak — u xoh yangi kitob, jurnal, gazeta, internet, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi kontent bo‘lsin, xoh jahon adabiyoti, san'ati, she'riyati durdonalari, ilmiy-ommabop nashrlar, ko‘rsatuv yoki darsliklar bo‘lsin — farqi yo‘q;
ommaviy axborot vositalari sohasida mavjud qonun bilan belgilangan konseptual va strategik yo‘nalishlarga rioya qilgan xolda, boshqa barcha cheklovlarni olib tashlab, OAVlar rivoji yo‘lida hech qanday to‘siqlar qoldirmaslik kerak. Masalan, OAV millatlar, xalqlar, irq va din asosida odamlar orasida ziddiyat va qarama-qarshilik uyg‘otmasligi, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi bo‘lishi, milliy mustaqilligimiz g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi hamda inson huquqlari va qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kabi asosiy tamoyillarga rioya etishini talab qilish kifoya. Shu prinsiplarni qo‘llagan holda, OAVlar har sohada o‘z auditoriyalariga monand turfa qiziqarli xabarlar berib yursa, ularning soni ko‘p va xilma-xil bo‘lsa, albatta, odamlarda ona tiliga bo‘lgan ehtiyoj yanada oshadi.

Masalan, kuzatishim bo‘yicha, Xalqaro press-klubning chiqishlari, UzReport TV, «Zo‘r-TV», «Milliy TV» va yangi tashkil etilgan «O‘zbekiston 24» telekanali qatorida, «Daryo», «Kun.uz», «Kommersant.uz» jurnalistlari bu masalada shu kunlarda ham katta ijobiy qadamlar tashlayapti. Yaqinda do‘stlarimiz tomonidan asos solingan «M-Factor» loyihasi ham shu qatorda — loyiha ijodkorlari va qatnashchilari o‘zbek tilida yetuk tadbirkorlardan muvaffaqiyat sirlari va omillari haqida intervyu olib, keng ommaga axborot berishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan.

Shu aytilgan mulohazalarni e'tiborga olib, o‘zbek tilining kelajagi va rivoji uchun jon kuydirayotgan aziz vatandoshlar, iltimos, qalbimizda ona tiliga bo‘lgan muhabbat kimda ko‘pu, kimda kamligi borasida bir-birimiz bilan talashmaylik, bir-birimizni xoinlikda ayblab, yengishga urinmaylik — shu g‘ayrat-shijoatimizni ona tilimizning haqiqiy rivojlanishi yo‘lida ijobiy va amaliy yo‘sinda ishlataylik.

E'tiboringiz uchun rahmat.

PS. Darvoqe, 1990 yillar o‘tib ketib — xuddi o‘sha Latviyada hozir istalgan tilda savol bering, o‘sha tilda javob olasiz, jumladan, rus tilida ham.

PPS. Mustamlaka ostida yashagan odamlarning mafkurasida bu ahvoldan haqiqiy ozod bo‘lganlik o‘tmishga hayajon va nafratsiz, qullik komplekslarisiz xolis nazar sola olishida namoyon bo‘ladi, aslida. Buvim rahmatli turmushidan ajragan jiyanlariga: «Undan hali ham jahling chiqayaptimi, bas, uni hanuz sevar ekansan», — degan so‘zlarini rus tili va madaniyatiga nisbatan alamzada munosabatda yurgan ba'zi insonlarga qarata takrorlagim keladi.

PPPS. Ba'zi joylarda yozuvim xato bo‘lgandir, meni buning uchun ma'zur tuting.

Mavzu
Lotin va kirill imlosi

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Top