Ma'lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 25 avgust kuni «Bunyodkor» stadionida Qirg‘iziston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Bu o‘rtoqlik uchrashuvi milliy terma jamoamizning 2018 yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining Xitoy (31 avgust) va Janubiy Koreya (5 sentabr) ga qarshi saralash uchrashuvlari uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tab berishi kerak.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi xodimi Chempionat.asia saytiga ma'lum qilishicha, ushbu futbol uchrashuvi TVda translyatsiya, internet saytlarda onlayn translyatsiya qilinmay, muxlislar stadionga qo‘yilmasligi ma'lum qilinib, Qirg‘iziston terma jamoasining talabi bilan amalga oshirilganini yozib chiqqan edi. Keyinroq O‘FF rasmiy saytida bu o‘yinga oid barcha rasmiy ma'lumotlar taqdim etilishi aytilgan.

Keyinroq o‘sha rasmiy xabar O‘FF saytida e'lon qilindi:

«O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining qaroriga ko‘ra, 25 avgust kuniga belgilangan O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yopiq tarzda o‘tkaziladi».

Ya'ni, bu qarorga baribir Qirg‘iziston tomoni emas, O‘zbekiston futbol federatsiyasi kelganligi tan olindi.

«Ushbu o‘yinni tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘yinchini almashtirish imkoniyatidan cheklanmagan miqdorda foydalanishga o‘zaro kelishib olganligi munosabati bilan o‘yin xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga ega bo‘lmaydi».

Tushunarli. Lekin, har qanday futbol muxlislar uchun emasmi?

«Futbol qoidalari»ning maydondagi o‘yinchilarning soni haqidagi 3-bandiga ko‘ra, milliy terma jamoalarning xalqaro o‘yinlarida ko‘pi bilan bir jamoadan 6 futbolchining almashtirilishiga ruxsat beriladi. 6 futbolchidan ko‘p o‘yinchi almashtirilgan o‘yinga «nazorat uchrashuvi» maqomi beriladi va u FIFAning xalqaro taqvimida ro‘yxatga qo‘yilmaydi. Shu sababli, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘yin nazorat o‘yini sifatida darajalanadi va FIFA reytingini hisoblashda inobatga olinmaydi».