16:30 / 24.08.2017
21260

Xalqaro palov musobaqasida andijonlik oshpaz g‘olib bo‘ldi

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan 25 nafar palov ustasi Xalqaro palov festivalida bellashdi. Ma'lumki, insonlar tomonidan alqab tanovul qilinadigan palov nafaqat O‘zbekiston, balki ko‘plab mamlakatlarning sevimli taomi hisoblanadi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston bakovullari bellashgan festival yakuniga ko‘ra, andijonlik usta oshpaz Xurshidbek Xasanov hamda o‘shlik qatnashchi Oybek Rizamatovlar g‘olib bo‘ldi. 

“Asl palov 7 ta masalliqdan tayyorlanadi. Bular: guruch, suv, yog‘, go‘sht, sabzi, piyoz va dumba yog‘i. Boshqa qo‘shimcha narsalardan foydalanilgan, masalan – tuxum yoki no‘xat solinganda “No‘xatli palov” yoki “Tuxumli palov” deyiladi. Mendan: “Palov tayyorlashni siri nimada?” deb so‘rashadi. Bor sinoat - chin ko‘ngildan mehr bilan taom tayyorlashda. Shunda uning ta'mi va mazasi o‘zgacha bo‘lishi tayin. Men oshpaz sifatida o‘z oilamda uchinchi avlodman. Ota-bobolarim ham aynan shu kasb bilan el xizmatida bo‘lishgan”,- deydi Xurshidbek Xasanov.

G‘oliblar Dubay shahriga o‘n kunlik sayohat qilish imkoniyati beruvchi sertifikatlar bilan taqdirlangan. 

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top