09:37 / 24.08.2017
4214

OAV: Rossiya va Misr o‘rtasidagi aviaaloqa 2017 yilda tiklanmaydi

Rossiya va Misr kurortlari o‘rtasidagi charter aviaaloqasi 2017 yil oxirigacha tiklanmaydi. Bu haqda Rossiya diplomatik doiralari va aviatsiya sohasidagi manbalarga iqtibos keltirgan holda “Izvestiya” nashri xabar bermoqda

“2017 yilda Misrga charter reyslar yo‘lga qo‘yilmaydi. Xurgada va Sharm-ash-Shayxdagi aeroportlar navbati bilan 30 sentabrgacha tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. Hozir hammasi muzokara bosqichida turibdi”, deb aytgan manbalardan biri.

Uning aytishicha, Qohira aeroporti rossiyaliklarni qabul qilishga tayyor, biroq hammasi Misrdagi ichki siyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. “Qohira, mohiyatan, xavfsizlik borasida rossiyaliklarni qabul qilishga tayyor. Aeroportni oktabrda ochish bo‘yicha kelishuv bor. Biroq hammasi Misrdagi ichki siyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Moskvaning ham prinsipial qarori zarur bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan manba.

Manbaning ma'lum qilishicha, tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklarning katta qismi bartaraf etilgan. Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra hisobot tayyorlanib, hukumatga jo‘natilgan va unga ko‘ra yakuniy qaror chiqarilishi mumkin.

“Birinchi bosqichda parvozlar faqat Qohiraga yo‘lga qo‘yiladi. Bu muntazam reyslar bo‘ladi. Misrning kurort hududlariga charter reyslar ochilishi haqida hozircha umuman gap borishi mumkin emas”, deb aytgan manba.

2015 yil noyabrida Rossiya va Misr o‘rtasida aviaaloqa to‘xtatilgandi. Sinay yarimorolida Rossiyaning “Kogalimavia” aviakompaniyasi samolyoti falokatga uchragandan keyin shunday qarorga kelingan. Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga parvoz qilayotgan samolyot bortida 217 nafar rossiyalik sayyoh va 7 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ushbu falokatni terakt sifatida tasniflagan. Falokat sabablarini aniqlash bo‘yicha ishlar hanuzgacha davom etmoqda. 

Mavzuga oid
Top