23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Sudlar va adliya organlari faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy ta'minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi. Hujjat matni prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

Qarordan maqsad sud hokimiyatining mustaqilligini yanada ta'minlash, sudlar, adliya organlari va muassasalarining moddiy-texnika ta'minotini mustahkamlash, ular faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Qaror asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligining Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda uning Ijro etuvchi direksiyasi tugatilib, Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Byudjyetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi daromadlarini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
jinoiy, fuqarolik, ma'muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar bo‘yicha davlat bojlari to‘lashdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga tushayotgan summalarning 16 foizi miqdoridagi ajratmalar;

jinoiy, fuqarolik, ma'muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar bo‘yicha jarimalar to‘lashdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga tushayotgan summalarning 16 foizi miqdoridagi ajratmalar;

ijro ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga undirilgan summadan 24 foiz miqdoridagi ajratmalar, qarzdorning mol-mulkini sotish hisobiga soliq qarzdorligini undirish bundan mustasno;

vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.

Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi boshqaradigan Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi Kuzatuv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kuzatuv kengashi) tomonidan amalga oshiriladi.