22:57 / 25.08.2017
44390

Yosh ko‘rinishning 5 asosiy qoidasi

Ko‘zguga boqing. Kechagi ko‘rinishingizdan farq u qadar katta emas, shundaymi? Endi esa 10-15 yil avvalgi suratingizni oling va ko‘zgudagi insonga taqqoslang. Farq bor, to‘g‘rimi?

Ko‘zlar ostidagi horg‘inlik belgilari, burun va lab atrofidagi mayda ajinlar... Terining tonusi avvalgidek emas. "Ortodoks" tibbiy portali yosh ko‘rinishning besh asosiy qoidasi bilan bo‘lishdi.

Birinchi qoida: To‘yib uxlang!

Foto: FitExpert

Ha, bu oddiy gapdek tuyulishi mumkin, lekin aslida bunda gap ko‘p. To‘yib uxlang! Atigi 3-4 soat uxlab, dunyoni egallagan buyuk insonlardan ibrat olmang. Napoleon deysizmi? Ha, u uch soat uxlagan, biroq 60 yoshga ham yetmay vafot etgan... Siz bunday hayot tarafdori emassiz-ku, axir. Shunday ekan, ish emas, organizmingiz qancha talab qilsa, shuncha uxlang.

Uyquni o‘rganish milliy jamiyatining yaqinda o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, 20-30 foiz kishi tizimli ravishda uyquga to‘ymas ekan.

Uyqu vaqtida esa organizmning detoksikatsiya va regeneratsiya jarayoni ro‘y beradi. Gormonlar ishlab chiqariladi, mushaklar tonusi va insonning tashqi ko‘rinishiga ta'sir ko‘rsatuvchi o‘sish gormoni hamda ziyon yetgan hujayralarning ta'mirlanishi bilan bog‘liq melatonin gormoni ham shular jumlasidandir. 

Inson to‘yib uxlashi uchun necha soat kerak bo‘ladi?

  • Yangi tug‘ilganlar (0-3 oylik) - 14-17 soat;
  • Chaqaloqlar (4-11 oylik) - 12-15 soat;
  • Bolalar (1-2 yosh) - 11-14 soat;
  • Bog‘cha yoshidagi bolalar (3-5 yosh) - 10-13 soat;
  • Maktab o‘quvchilari (6-13 yosh) - 9-11 soat;
  • O‘smirlar (14-17 yosh) - 8-10 soat;
  • Kattalar (18-64 yosh) - 7-9 soat;
  • Keksalar (65 yosh yosh va undan katta) - 7-8 soat.

Ikkinchi qoida: Shirinliklardan tiyiling!

Foto: mygrace.ru

Tan oling, shirinliklarni yaxshi ko‘rasiz-a? Kechki payt televizor ko‘rib o‘tirib biror pishiriqni paqqos tushirasiz. Ish ustida pecheneni "maydalab o‘tirasiz". Jaziramada esa - muzqaymoq. Endi o‘ylab ko‘ring, sizning yoshingiz 16 da yoki hatto 25 da ham emas. Aynan shu yoshdan organizmda metabolizm sekinlashadi va ilgari tezda hazm bo‘lgan shirinliklar ortiqcha yog‘ sifatida tana vaznini oshirib boradi. Bu esa, o‘z o‘rnida, organizmdagi toksinlarni "ushlab turadi".

Bundan keyin esa sog‘lom va ko‘rkam ko‘rinish haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi. Shuning uchun har safar konfet yoki shokoladga qo‘l cho‘zayotganda yodda tuting: besh daqiqalik rohat - butun umrga ortiqcha vazn...

Bundan tashqari, shirinliklarni katta miqdorda iste'mol qilish sizning xatti-harakatlaringizga ham ta'sir qiladi - siz o‘zingizni charchagan va tund kayfiyatda his qilasiz, bunday yuz ifodasi esa ajinlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Shirinliklar iste'molini imkon qadar kamaytirishga harakat qiling.

Uchinchi qoida: Harakatda bo‘ling!

Foto: factroom.ru

Muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullangan kishilar ancha yosh ko‘rinishadi. Bu jismoniy mashg‘ulotlarning qon aylanishi va limfotokni kuchaytirishi bilan bog‘liq. Terlash esa organizmdagi zararli moddalarni yuvib chiqaradi. Bularning bari bir bo‘lib, tashqi ko‘rinishingizning yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

Darvoqe, aksariyat sport bilan shug‘ullanishni boshlagach, ko‘proq ovqatlanish mumkin deb o‘ylab adashadi. Bunday emas. Biroq kam ovqatlanish ham noto‘g‘ri. Jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanganingizda juda ko‘p kuch sarf qilasiz, uning o‘rnini esa to‘ldirish kerak.

To‘rtinchi qoida: Yurishingizni nazorat qiling!

Foto: oboi-desktop.ru

Yurishingiz uzoqdanoq sizning yoshingizni bildirib qo‘yadi. Shu bois hatto sizga hech kim qaramayotgan bo‘lsa ham yurishingizni nazorat qiling. Og‘ir qadam tashlash, bukchayib yurish, qo‘llarni siltash - yoshlarga xos emas, albatta. Odatda 30 yoshdan kichiklar bunday yurishmaydi.

Yaqinda Yaponiyaning Osaka universiteti mutaxassislari maxsus tizim ishlab chiqishdi. Tizim insonning yurishidan uning yosh yoki qari ekanini aniqlash imkonini beradi. Buning uchun ular 4 mingdan ziyod kishining yurishini o‘rganishdi va ularning harakatlaridagi o‘ziga xoslikni tahlil qilishdi. Ma'lum bo‘lishicha, u yoki bu yoshdagi kishilarning xatti-harakatlari, xususan, qadamlar uzunligi, qaddini tutishi, qo‘llar harakati, chayqalishi, yelka mushaklarining holati turlicha bo‘lar ekan.

Beshinchi qoida: Spirtli ichimliklar iste'moliga nuqta qo‘ying!

Foto: salmantino.mx

Agar yosh ko‘rinishga (imkon qadar, albatta) jiddiy kirishgan bo‘lsangiz, u holda spirtli ichimliklardan voz kechishingiz zarur. Mutlaqo! O‘zingizni "amerikalik olimlarning so‘nggi tadqiqotlarida esa..." deb aldamang. Bularning bari ichish uchun bahona.

Spirtli ichimlikning hatto bir qultumi ham organizmda suvsizlanish jarayonining boshlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada teri quruq va siniqqan tus oladi. Keyin esa ko‘z ostingizdagi "xaltachalar" va ko‘kimtir rang qayerdan paydo bo‘lganiga ajablanib o‘tirasiz.

Spirtli ichimliklar organizmda yallig‘lanish jarayonlarini keltirib chiqaradi va moddalar almashinuvini sekinlashtiradi. Kengaytirilgan kapillyarlar paydo bo‘ladi, teri bo‘shashadi, qarilikning yaqqol belgilari ko‘zga tashlanadi. Gormonal fon o‘zgaradi, jigar va boshqa organlarning faoliyati buziladi. Shunday ekan, tushkunlikdan chiqishning spirtli ichimlik ichishdan boshqa yo‘llarini toping.

Mavzuga oid
Top