KUN.UZ ijodiy jamoasi Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safar davomida Namangan shahrida ham bo‘ldi. Tahririyat Xalqaro press-klubning Namangan viloyatidagi sayyor sessiyasi doirasida elektron manzilga kelgan murojaatlarga ham e'tibor qaratdi. Jumladan, murojaatlar orasida Namangan shahri, “Yuqori G‘irvon” MFY, “G‘irvonbuloq” mahallasi fuqarolarining muammosi e'tiborga molik. 

Gap shundaki, Namangan shahar “Yuqori G‘irvon” mahalla fuqarolari yig‘ini “G‘irvonbuloq” mahallasida 400 ga yaqin xonadon mavjud bo‘lib, ularga mazkur yerlar mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillarda, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining jamoa xo‘jaliklari yerlari hisobidan aholiga yer berish haqidagi qaroridan so‘ng berilgan.

Katta magistral yo‘ldan pastda va G‘irvonsoy suv manbasidan yuqorida joylashgan, elektr, gaz va suv kabi ko‘plab kommunal qulayliklarga ega va transport tarmog‘i qulay joylashgan hududda aholi shu paytga qadar yashab kelmoqda. Biroq bu yil qurilishi kutilayotgan dam olish oromgohi loyihasi sababli ushbu mahallada istiqomat qilayotan aholi orasida uylari buzilishi haqida xabarlar tarqaldi. KUN.UZ ijodiy guruhi vaziyatni o‘rganish uchun mahalla ahli bilan yuzlashdi.

“Shuncha aholi 1989 yildan beri bu yerda yashaydi. Endi esa buziladi, degan gap chiqdi. Yoshimiz ham keksayib qoldi. 30 yil davomida oddiy toshloq joyni shu darajada obod qildik. Joriy yilning aprel oyida bu yerda akvapark quriladi, degan mish-mishlar paydo bo‘ldi. Buzilishni esa xonadonimizni o‘lchashga kelgan kishilar kelganda bildik. Kelib 1-ko‘chada yig‘ilish ham o‘tkazishib, “15 kunning ichida bu yerda birontangiz ham qolmaysizlar”, deyishibdi. Rozilik ham so‘rashmagan. Bu yerda esa 400 dan ortiq xonadon yashaydi. Aytishlariga qaraganda, davlat emas, balki bir tadbirkor buzaman deyayotgan ekan. Uning akvaparki insonlardan ham azizmi?! Toshkentga ham borib, Devonxonaga ariza tashlab keldik. Biroq, javob bo‘lmadi. Hokimning oldiga uch marta bordik, lekin qabul qilmadi. Prezident kelgan paytlarida yig‘ilib, ular bilan ko‘rishaylik, dardimizni aytaylik, desak “Yo‘q, uylar buzilmaydi”, deyishdi. Bizni ko‘chaga ham chiqarishmadi”, - deydi mahalliy aholi vakillari.

G‘irvonbuloqliklarning biri qo‘yib, biri kuyinib gapirishar ekan, muammoning kundan kunga kattalashib borayotganini tushundik. Bu norozilikning yagona yechimi - mutasaddi rahbarlar bilan muloqot qilish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, ularni rozi qilish. G‘irvonbuloqliklar bilan suhbat ustiga Namangan shahar hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov keldi.