So‘nggi paytlarda mahalliy matbuot nashrlari va televideniyeda ko‘plab mavzular, ayniqsa jamiyatning yurak-tomiriga bolta urib kelgan ayrim masalalar ochiq muhokama etildi hamda bunday ishlar davom etmoqda.
Shular qatori, Bandlik va mehnat munosabatlari vazir birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov AQShning xalqaro munosabatlari bo‘yicha Senat qo‘mitasi delegatsiyasi bilan uchrashuv vaqtida Vazirlar Mahkamasi 8 avgust kuni O‘zbekiston hukumati 2017 yilgi mavsumda balog‘at yoshiga yetmagan yoshlarni, shuningdek, Sog‘liqni saqlash sohasi va ta'lim sohasi xodimlarini paxta terimiga jalb etishni taqiqlab, tegishli qaror qabul qilgani haqida ma'lumot berdi.
Bu juda quvonarli hol, albatta. Masalaning boshqa tarafida esa yangi mavsumda paxta terimida ishtirok etmoqchi bo‘lgan terimchilarga yaratilgan sharoit talablari turibdi. Paxta terimi mavsumida voyaga yetgan talaba yoshlarning ayrimlari mehnatga jalb etiladi. Xalqaro tajribani o‘rgangan holda, shunday tadbirning qanday tashkil etilishi borasida bir necha misollar bilan tanishib chiqishimiz mumkin.
Meva pishiqchiligi davrida Yevropaning bir necha rivojlangan davlatlarida oliy ta'lim muassasasi talabalari uchun mavsumiy ishlar taklif etiladi. Bular orasida eng ko‘p tarqalgani Ispaniya va Kiprda «apelsin terish» bo‘lsa, Buyuk Britaniya hamda bir nechta Markaziy Yevropa davlatlarida turli ho‘l mevalarni terib, hosilni saralash kabi ishlar hisoblanadi.
Nega talabalar meva terimiga boradi?

Yig‘im-terim tadbiri, avvalo, yuqori vatanparvarlik ruhida tashkil etiladi. Shu ko‘rinishdagi mavsumiy ishga yozilgan talabalar uchun maxsus sharoitlar yaratib beriladi. Universitet hayotiga qadam qo‘ygan yoshlar uchun bu atrofdagilar bilan yaqindan tanishishning eng yaxshi imkoniyati hisoblanadi. Bir vaqtda ishlab, ham dam olish mumkin. Mahalliy hokimiyat vakillari terimning ko‘tarinki kayfiyatda, ortiqcha muammolarsiz, zarar va zahmatsiz o‘tishi uchun barcha favqulodda choralarni ko‘rib qo‘yadi.
Bundan tashqari, talabalar yig‘im tadbirlari ortidan qo‘shimcha daromad topishni ko‘zlab qo‘yadi. Buyuk Britaniyadagi «Mustaqillik» partiyasi yetakchi deputati Jon Beklining aytishicha, ushbu amaliyot ayni paytda ta'lim olayotganlar uchun dam olish bilan birga pul topishning eng yaxshi yo‘llaridan biri hisoblanadi.


















