01:45 / 26.08.2017
5698

Kobuldagi masjidga uyushtirilgan hujum qurbonlari 30 kishidan oshdi

Foto: TOLOnews‏

Afg‘oniston poytaxtidagi masjidlardan biriga uyushtirilgan hujum oqibatida 30 dan ziyod inson qurbon bo‘ldi, 80 dan ziyod inson jabrlandi, deya xabar bermoqda Tolo News telekanali rasmiy shaxslarga tayanib.

Ilgari 20 qurbon va 30 nafar yarador haqida xabar qilinayotgan edi.

Bir necha jangarilar Kobuldagi Zamona masjidiga hujum uyushtirishgan. Guvohlarning aytishicha, jangarilar masjid qo‘riqchilarini o‘ldirib, uning ichkarisiga bostirib kirishgan. Voqea joyiga tez tibbiy yordam mashinalari yetib kelgan. IIV vakili Najib Donish ham masjidga hujum uyushtirilganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilardan biri masjid yaqinida o‘zini portlatgan.

Telekanal keyinroq Kobuldagi masjid yaqinida yana bir portlash yuz berganini xabar bergan.

Ilgari xabar qilinishicha, hujum uchun mas'uliyatni «Islom davlati» (IShID) terrorchilik guruhi o‘z bo‘yniga olgan.

So‘nggi oylar ichida Afg‘onistondagi vaziyat keskin yomonlashgan. Ilgariroq mamlakatning qishloq tumanlarida katta hududni egallagan «Tolibon» harakati yirik shaharlarni ham egallashga kirishgan. Shuningdek, mamlakatga IShIDning ta'siri ham ortgan.

Top