Jamiyat | 03:03 / 26.08.2017
5308
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sud va advokatlar hamkorligini kuchaytirish masalasi muhokama etildi

Foto: Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Aholining qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalash tizimini yanada yaxshilash uchun qanday yo‘l tutmoq lozim? Jamiyatimizda qonun ustuvorligini amalda ta'minlash borasida sud organlari va advokatlar nimalar qila olishadi? Bunda ularning o‘zaro hamkorligi nechog‘lik samarali bo‘lishi mumkin?

Ana shu va boshqa savollar Samarqandda sud tizimi xodimlari va advokatlar ishtirokida  bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Otabek Ahtamov «Advokaturaning takomillashuvi sud-huquq tizimi islohotlarining muhim omili» mavzusida chiqish qildi. Notiq ushbu islohotlarni amalga oshirishning muvaffaqiyati sudlar va advokatlarning o‘zaro hamkorligiga ham bog‘liqligini uqtirib, ana shu yo‘nalishda qilinishi zarur bo‘lgan ishlarni sanab o‘tdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi Ma'ruf Tojiboyev o‘z chiqishida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati haqida so‘z yuritdi. Uning uqtirishicha, viloyat sud organlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 13 iyunda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish, tizimni yanada takomillashtirish borasida bildirgan fikrlaridan kelib chiqqan holda tamoman yangicha ish uslubiga o‘tgan.

Foto: Toshpo‘lat Rahmatullayev.

M.Tojiboyev advokatlarga murojaat qilar ekan, shunday dedi: «Biz sud organlarini haqiqiy adolat qo‘rg‘oniga aylantirish uchun harakat qilamiz va bu yo‘lda sizlar bilan hamkorlikdan umidimiz katta. Biz bir yoqadan bosh chiqarib ishlasak, bu fuqarolarimizga  foyda keltiradi. Ayniqsa, yosh sudyalarning adashmasligi uchun sizlarning ko‘magingiz zarur».

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi Akbarali Turobov va boshqalar sudya va advokatlar hamkorligini yaxshilashga qaratilgan fikr, mulohaza va takliflarini o‘rtaga tashladilar. Bu hamkorlik aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun ham kerakligi uqtirildi. 

Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Mavzuga oid