16:50 / 27.08.2017
9242

«Liverpul» - «Arsenal». Yana bir gollar shousi oldidan

Foto: BBC Sports

Bugun, 27 avgust kuni Angliya premer-ligasining 3-tur uchrashuvlari doirasida «Liverpul» «Arsenal»ni qabul qiladi. Uchrashuv «Enfild»da Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.

Bu ikki jamoaning o‘yinlari hamisha gollarga boy bo‘lgan. Bugun Yurgen Klopp ham, Arsen Venger ham hujumkor o‘yin uslubi qo‘llashi aniq.

«Liverpul»
Mersisaydliklar ayni vaqtda Angliyada eng kuchli hujum chizig‘iga ega jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Kloppning yozdagi xaridi Muhammad Saloh, Firmino, Mane va Solanke har qanday raqib himoyasini bosim ostida ushlab tura oladi.

Klopp o‘yin uslubini o‘zgartirmaydi, bu o‘yinda ham uning shogirdlari qattiq pressing uyushtirishadi. Ayni vaqtda bu jamoaning himoyasi kuchsizligi haqida ko‘p gapirishmoqda, ammo statistika buning aksini ko‘rsatadi, axir jamoa o‘tgan mavsumda eng kam gol o‘tkazgan jamoalar qatorida bo‘ldi.

Klopp shogirdlari YeChL yo‘llanmasi uchun «Hoffenhaym»ga qarshi o‘tkazgan o‘yinlarda ham himoyada yaxshi harakatlandi.

Angliya birinchiligining yangi mavsumini esa «Liverpul» «Uotford»ga qarshi durang bilan boshladi — 3:3. Bu o‘yinda oxirgi daqiqalarda g‘alaba qo‘ldan chiqarildi. Ikkinchi turda esa Klopp shogirdlari «Kristal Pelas» bilan o‘ynadi va Manening goli evaziga g‘alaba qozondi - 1:0.

«Arsenal»
Vengerning «to‘pchilari» keyingi vaqtlarda xarakter borasida muammolarga duch kelmayapti. Londonliklar jamoasi yangi mavsumda ilk sovrinni qo‘lga kiritib bo‘lishgan. «Kanonirlar» Angliya Superkubogi uchun «Chelsi»ga qarshi kechgan bahsda hisobda ortda qola turib, yakunda g‘olib chiqdi. Angliya chempionatining birinchi turida esa «Arsenal» «Lester» bilan o‘yinda iroda ko‘rsatdi — 4:3. Ammo londonliklar klubi o‘tgan turda «Stok Siti» maydoniga safar qilib, o‘yinda ustunlik ko‘rsatgan bo‘lsada, omadsizlikka yuz tutdi — 0:1.

Arsen Venger shogirdlari o‘yinlarda nazoratni qo‘liga olmoqda, raqiblarga ustunlik o‘tishiga yo‘l qo‘mayapti, ammo vaziyatlardan foydalanishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Shunday tasavvurlar tug‘iladiki, «Arsenal»da raqibni taslim etish rejasi bo‘lmaydi. Jamoa «tulkilar» bilan o‘yinda Remsi va Jiru maydonga tushishidan keyin uyg‘ongandi, ammo «kulollar» jamoasi bilan o‘yinda taktik o‘zgarishlar foyda bermadi.

Ikki klubda ham ushbu uchrashuv arafasida muhim o‘yinchilarning jarohat olishi kabi muammo yo‘q. Ammo ikki jamoada ham asosiy yetakchilar, «Liverpul»da Filippe Koutino, «Arsenal»da Aleksis Sanches oxirgi o‘yinlarda qatnashmadi. Koutino ham Sanches ham yozgi transferlar yakuniga qadar jamoadan ketishi mumkin.

«Liverpul» o‘z uyida kuchli o‘yin ko‘rsatadi va bu jamoa 3 ochkoga ega chiqishi ehtimoli yuqori. Ammo mersisaydliklar jamoasida ayni vaqtda tig‘iz grafik va bu futbolchilarning jismoniy holatiga ta'sir ko‘rsatmasdan qolmagan. YeChLda qatnashmayotgan «Arsenal» esa bu o‘yinda avvalgi uchrashuvlardagi xatolardan xulosa chiqargan holda harakatlansa, ko‘zlangan natijaga erishishi mumkin.

Statistika

Jamoalarning oxirgi 8 o‘yinidan 7tasida har ikki jamoa ham maydonni golsiz tark etmagan.

«Liverpul» «Arsenal»ga qarshi o‘z uyida o‘tkazgan oxirgi 28 uchrashuvidan faqat 2tasida mag‘lub bo‘lgan.

Jamoalarning oxirgi 8 o‘yinidan 7tasida kamida 3ta gol urilgan.

Venger jamoasi Liverpulda oxirgi marta 2012 yil sentabrida g‘alaba qozongan (0:2).

Taxminiy tarkiblar

Top