08:40 / 28.08.2017
5334

AQSh «Harvi» to‘foni sababli Meksika ko‘rfazida neft qazib olishni 22 foizga qisqartirdi

Foto: wjs.com

Amerikaning Texas shtatida faoliyat yurituvchi 3 ta yirik neftni qayta ishlash zavodi «Harvi» dovuli sababli faoliyatini to‘xtatdi, deb yozmoqda The Wall Street Journal.

Aniqlik kiritilishicha, gap Amerikaning ExxonMobil, Niderlandiya-Britaniyaning Royal Dutch Shell va Braziliyaning Petrobras kompaniyalari zavodlari haqida bormoqda.

Nashrning yozishicha, ExxonMobil Beytaundagi zavodini to‘xtatgan bo‘lsa, Royal Dutch Shell Dir-Parkdagi qayta ishlash quvvatini yopishga majbur bo‘lgan. Petrobras Pasadinadagi zavodni to‘xtatdi. 

Bundan tashqari, Korpus-Kristi shahri hududidagi barcha neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan.

Umuman, AQSh Meksika ko‘rfaazida neft qazib olishni 22 foizga qisqartirishga qaror qildi. Bu haqda Reuters agentligi Atrof muhit muhofazasi va xavfsizligi byurosiga tayangan holda xabar qilmoqda. 

Unga ko‘ra, kunlik gaz qazib olish 26 foizga qisqargan, bu 24,4 mln m3 ni tashkil etadi. 

To‘fon tufayli jami 105 ta qazib oluvchi platforma xodimlari ko‘chirildi. Bu AQShning ko‘rfazdagi platformalarining 14 foizidir. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 25 avgust kuni Texas shtatiga yopirilgan «Harvi» to‘foni shu paytga qadar 5 kishining umriga zomin bo‘ldi. 

Tabiiy ofat oqibatida shtatning ko‘plab shaharlari suv ostida qoldi. Hyuston shahri hokimi Silvester Ternerning bayonot berishicha, shahar dovul sababli suv ostida qoldi. 

Mavzuga oid
Top