20:33 / 28.08.2017
5055

Avstraliyalik nogiron La-Mansh bo‘g‘ozini suzib o‘tdi

Foto: Twitter/CoachTimSwim

Avstraliyalik 55 yoshli Maykl Pouell La-Mansh bo‘g‘ozini suzib o‘ta olgan, imkoniyati cheklangan 6-kishi bo‘la oldi. Brisbenda yashovchi hamda bir oyog‘i yo‘q bo‘lgan Pouellga bo‘g‘ozning eng tor joyini (34 km) suzib o‘tish uchun 15 soat-u 25 daqiqa kifoya qildi. Pouell masofaning bir qismini erkin, brass uslublarida, bir qismini esa orqasida suzib o‘tgan. 

“Bunga erishish uchun men ikki yil davomida jadal mashg‘ulotlar o‘tkazdim. Jumladan, okeanda bir necha soatlar davomida mashq qildim”, deb aytdi Pouell jurnalistlarga.

La-Manshni suzib o‘ta olgan eng mashhur nogiron fransiyalik Filipp Kruazon hisoblanadi. U bo‘g‘ozni suzib o‘ta olgan ilk qo‘l-oyoqsiz odam bo‘lgan. Kruazonga bunga erishishida lastlarga ega maxsus protezlar yordam bergan. Dastlab u bo‘g‘ozni kechib o‘tishi uchun kamida bir sutka ketishi taxmin qilingan, biroq unga 13 soat yetarlilik qilgan.

Cog‘lom sportchilar orasida La-Manshni suzib o‘tish bo‘yicha rekord erkaklar orasida 6 soat-u 55 daqiqani, ayollarda esa 7 soatdan ko‘proqni tashkil qiladi. Bo‘g‘ozni suzib o‘tgan eng keksa odam 70 yoshli britaniyalik jarroh Rojyer Ollsop hisoblanadi, u buni 18 soatda qila olgan.

Butun tarix davomida Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi masofani 900 dan ko‘proq odam suzib o‘ta olgan. Buni birinchi bo‘lib 1875 yilda britaniyalik Metyu Uebb amalga oshirgan. Uning natijasi 21 soat-u 41 daqiqani tashkil qilgan. Ayollardan esa buni birinchi bo‘lib amerikalik Gertruda Ederle 1926 yilda amalga oshirgan. Uning natijasi 14 soat-u 39 daqiqani tashkil qilgan.

 

Mavzuga oid
Top