Foto: Getty Images

"Real" darvozaboni Keylor Navasdan mashg‘ulotlarda qaysi futbolchining zarbasi xavfliroq ekanini so‘rashganda, Ronaldu yoki Beyl, hatto Kroosni emas, aynan Asensioni tilga olgan edi. O‘shanda jurnalist uchun bu javob biroz g‘ayritabiiy tuyulgandir, ammo hozir bu haqida nafaqat Navas, balki butun dunyo gapirmoqda.

O‘tgan mavsum oxirida "Bavariya" va "Yuventus" darvozalarini ishg‘ol qilgan yosh futbolchi yangi mavsumni juda kuchli boshladi - "Barselona"da darvozasiga kiritilgan bir-biridan chiroyli ikki golning orqasidan, La Ligadagi ilk qiyin uchrashuvda dubl qayd etib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Yulduzlarni Madridga olib kelishni yaxshi ko‘radigan Florentino Peres, sevimli mashg‘ulotini yig‘ishtirib Markoning ketidan shartnoma ko‘tarib yuribdi - u yerda futbolchini sotib olmoqchi bo‘lgan jamoa 500 million yevro to‘lab qo‘yishi kerakligi yozib qo‘yilgan. Zo‘r-a?

Foto: Twitter/@realmadrid

"Men juda ko‘p iqtidorli bolalarni ko‘rganman, ammo bolaning to‘p bilan bunday narsalarni qila olishini umrimda ko‘rmagandim, - deydi skaut Klemente Marin, - "9 yoshidayoq Marko shakllangan futbolchi edi. U o‘zidan ikki barobar katta bolalar bilan o‘ynar, yo‘q, ularga to‘p olib berib turmas  edi, aksincha, ular Marko uchun o‘ynardilar" 

Marko Asensio 1996 yilning yanvarida Malorkada tug‘ilgan. Otasi - ispan, onasi - gollandiyalik. To‘rt yoshida onasidan ayrilgan Marko yetti yoshida mahalliy "Plajyes de Kalvia" futbol maktabida o‘ynay boshladi. Oradan uch yil o‘tib, yuqorida tilga olganimiz Klemente Marin uni "Malorka" akademiyasiga boshlab bordi.

Foto: eurosport

Aynan shu yerda Asensio professional seleksionerlar nazariga tushdi, 17 yoshida esa, "Malorka"da ilk mavsumini o‘tkazgan futbolchi bilan katta klublar qiziqa boshladilar. Hammasi transfer qiymatiga bog‘liq bo‘lib qolgandi. "Malorka" futbolchi uchun 4 million yevrodan oshiqroq summani qo‘lga kiritishni, shu bilan birga yana bir mavsum ijarada o‘ynatishni talab qilardi. Sport.es portalida yozilishicha, "Barselona" futbolchini qo‘lga kiritishga yaqin bo‘lgan, hatto Asensio u yerga borib, o‘zi uchun uy tanlab ham qo‘ygandi. Ammo so‘nggi pallada kelishuv amalga oshmay qoldi. Kataloniyaliklar 4.5 million yevroni bir necha yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lashni istayotgandi, shu pallada 3.9 million naqd pul bilan "Real" paydo bo‘ldi va futbolchini ilib ketdi. Madridliklarning Marko yana bir yil "Malorka"da qolishga rozi bo‘lganliklari hammani qoniqtirar edi.