Taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirladi.

Islom aka o‘zgalar fikrini qadrlar edi.
Olamning ishlari g‘alat. Kechagina tasavvur ham qilish mumkin bo‘lmagan gaplar bugunning haqiqatiga aylansa-ya!
«Amerika ovozi»ning siyosatdon jurnalisti Navbahor Imomova bilan bir kun miriqib suhbatlashdim, hatto «dardlashdik». Prezidentlar Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev portretiga chizgilar izladik. Odamlar taqdiri, jurnalist qismati va albatta so‘z erkinligi mezonlari xususida bahslashdik.
Bugun bir paytlar O‘zbekiston televideniyesi rahbari bo‘lib ishlagan, hozirda Amerikada yashayotgan Jahongir Mamatov bilan feysbuk «tili»da bo‘lsada, samimiy hol so‘rashdik. Jahongir yaxshi niyat bilan O‘zbekistonda uchrashishimizni tiladi. Hech bir mavzuda bahslashmasak ham bir-birimizni tushungandek bo‘ldik.
Pahlavon bilan BBC muxbirlik bo‘limi ochilishi, o‘zbek televideniyesida xorij xabarlari loyihasi haqida fikr almashdik.
Buni qarangki, yaqindagina biz go‘yo barrikadaning ikki tomonida turgandek his qilardik o‘zimizni.
Kechagina viloyat hokimi televideniyega intervyu berishi mumkin bo‘lmagan voqea deb qaralar edi. XPK tufayli jurnalist Farg‘ona viloyatining bilimdon, lekin tezobroq (u afg‘onchi bo‘lgani va sariqdan kelgani uchunmi, jahli tez chiqadi) hokimi Shuhrat G‘aniyevni rosa bir soat to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda savollarga tutdi, «terlatdi».
Ro‘zadorlar uchun tashkil etilgan iftorlikda viloyat hokimidan tortib barcha kuch ishlatar tizim (shu jumladan MXX ham) rahbarlari qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, namozxonlarni Farg‘onadagi eng hashamatli, Islom Karimov nomidagi san'at saroyiga taklif qildilar va u yerda azon chaqirilib, saf tortib shom namozi ado etildi...
Zamon buncha tez o‘zgarmasa-a?!
Bugun Lola Karimova (Tillayeva) dugonasi nomidan Islom aka hayotining so‘nggi soatlari haqida xotira e'lon qilibdi. Uni ko‘pchilik o‘qidi. Buyuk insonlar haqidagi xotiralar shubhali emas, faqat va faqat voqelik haqiqatiga asoslangan bo‘lishi lozim, deb hisoblayman. Ishonamanki, hali shunday xotiralar albatta yoziladi, e'lon qilinadi.
Shu kunlarda Islom Karimov vafotiga bir yil to‘lmoqda. Menga taqdir iltifot ko‘rsatib, bu ulug‘ zot yonida bir necha yil davomida telemuxbir sifatida hamroh bo‘lish nasib etgan. Bilmadim, yana qaysi muxbirning ismini aytib chaqirgan, lekin Islom aka har doim «Muhammadjon, ...» deya savolga, suhbatga tutar edi meni. Birinchi marta shunday bo‘lgandayoq Prezidentning menga bo‘lgan samimiy, ishonchli munosabati uning atrofidagi Davlat maslahatchilari, Bosh vazir o‘rinbosarlariga yoqmaganini sezganman. Aniqrog‘i «sezdirishgan». Hali paxta, g‘alla dalalarida, qurilish maydonida, sanoat korxonasida bo‘ladimi, Islom aka bir-bir atrofidagilar orasidan meni ko‘z qarashi bilan izlab topar va yana ismimni aytib murojaat qilardi (Bu lahzalar o‘nlab videotasmalarda saqlanib qolgan). Bu unutilmas uchrashuvlar, suhbatlar, tarixiy voqealar haqidagi satrlarni chop etish vaqti ham kelib qolar... Lekin men shunday qutlug‘ kunlarda bu insondagi o‘zgalar fikrini tinglash, agar taklif asosli bo‘lsa, unga quloq tutish fazilati haqida o‘z hayotimda ko‘rganlarimni o‘rtoqlashmoqchiman.









