11:24 / 31.08.2017
20125

Paxtaobodda yangi ish boshlagan “KONTEKS” korxonasida 400 ta ish o‘rni yaratildi

Mustaqillik bayrami arafasida Andijon viloyati Paxtaobod tumanining chekka Uyg‘ur qishlog‘ida “KONTEKS” korxonasining ochilishi aholi uchun zo‘r bayram tuhfasi bo‘ldi. Boisi, ishlab chiqarish korxonasida 400 nafar ishchi o‘rni yaratildi.

Andijondagi “KONTEKS-TASHKENT” mas'uliyati cheklangan  jamiyatining ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Korxona faoliyati trikotaj mahsulotlari ishlab  chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunda jamiyatda 150 xildan ortiq kiyimlar sifatli tayyorlanib, iste'molchilarga yetkazib berilmoqda.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Ayni paytda ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlarining 80 foizini Fransiya, Polsha, Rossiya, Litva va Belorussiya kabi Yevropa davlatlariga eksport qilayotgan “KONTEKS” jamiyati ichki bozorimizni sifatli kiyimlar bilan to‘ldirishga ham salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Korxonaning 2015 yilda eksport hajmi 9,5 mln. AQSh dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, bu raqam 2016 yilda 12,3 mln AQSh dollarga teng bo‘ldi. Ko‘rib turganingizdek, bir yil davomida 1,4 baravar o‘sishga erishilgan. Korxona shu yili bo‘lib o‘tgan “Tashabbus-2017” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida  birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani ham bunga yaqqol misoldir.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Mustaqillik bayrami arafasida  jamiyat tasarrufida  yana bir korxona Paxtaobod tumanidagi Uyg‘ur qishlog‘ida ishga tushirildi. Korxonada 400 nafar mahalliy aholi ish bilan ta'minlangan bo‘lib, ularning aksariyati kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir. Yangi korxona Turkiya va Xitoy davlatlaridan keltirilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan. Dastgohlar soni 400 dan ortiq. Bu yerda ishchi-xodimlarni samarali mehnat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, kelib ketishlari uchun bepul transport, maxsus kiyim bosh, ikki maxal issiq ovqat beriladi.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, korxonaning chet ellik investori Suruji Mahmet Dovudlar ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Shu kuni hududdagi 5 nafar bolalarga xatna to‘ylari ham qilib berildi.   

“Paxtaobod tumanidagi bo‘sh turgan binoni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning yaqindan bergan yordami bilan olib, korxona tomonidan investitsiya miqdori 358 ming AQSh dollarlik  yangi zamonaviy texnologiyalar keltirib, ishga tushirdik” deydi, korxona ish boshqaruvchisi, izlanuvchan tadbirkor Azimboy Normetov. - Bu bilan yana 400 nafar aholi ishlik bo‘lib, yil yakuni bilan eksport miqdorimiz yanada oshadi.   

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top