11:41 / 31.08.2017
30600

Poytaxtdan uy sotib olayotganda ish stajini tasdiqlash lozim

Adliya vazirining buyrug‘i (2017 yil 22 avgust) bilan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Poytaxt va poytaxt mintaqasida ko‘chmas mulkni sotib olish bo‘yicha bitimlarni notarial tasdiqlashda (uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi bo‘yicha oldi-sotdi, ayirboshlash, renta, umrbod ta'minlash sharti bilan o‘zgaga berish va hadya qilish, shuningdek garovga (ipotekaga) qo‘yish, ko‘chmas mulkdan (ko‘chmas mulkning bir qismidan) voz kechish va ko‘chmas mulkni o‘zgaga berishning boshqa usullari bo‘yicha shartnomalar) notariuslarga Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktabrdagi 336-son qarorining 1-ilovasida ko‘rsatilgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarining ma'lumotnomalari asosida 3 yil davomida lavozimda bo‘lganligini tekshirish vazifasi yuklandi. U quyidagi asosda amalga oshiriladi:

•  Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar-O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati 9-11 bandlari;
•  Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinish huquqi bo‘lgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatining 6-bandi (Oliy Majlisning palatalari, Prezident, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud Prezident bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar, shuningdek ularning oila a'zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari); qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylangan fuqarolar, shuningdek ularning oila a'zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari); davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tegishli organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasiga ko‘ra, shuningdek ularning oila a'zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari) nazarda tutilmoqda).

Shu tariqa, kamida 3 yil mobaynida lavozimni egallab turish ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiska olishi uchun muqarrar shart hisoblanadi. Ilgari faqat ichki ishlar organlarining doimiy propiska mavjudligi haqidagi ma'lumotnomasi talab etilar edi, notarius esa doimiy propiska shtampi tushirilgan vaqtdan 3 yil o‘tganini tekshirardi (bu shart hozirda ham ko‘zda tutilgan).

Top