15:56 / 31.08.2017
16751

Samarqandda «Sharq taronalari» XI musiqa festivali g‘olib va sovrindorlari aniqlandi

30 avgust kuni Registon maydonidagi amfiteatrda festival ishtirokchilari va mehmonlar, yurtimiz madaniyat va san'at namoyandalari, jamoatchilik vakillari ishtirokida xalqaro musiqa anjumanining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi «Sharq taronalari» XI xalqaro musiqa festivali matbuot markazi.

Dastlab, faol jamoalar qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. YuNeSKO, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali direksiyasi, Samarqand viloyati va shahar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlarning maxsus mukofotlari topshirildi.

Eron, Indoneziya va Turkiyadan kelgan jamoalarga uchinchi darajali diplomlar topshirildi.

Ikkinchi o‘ringa Qirg‘iziston va Litvadan kelgan san'atkorlar sazovor bo‘ldi.

Janubiy Koreyaning Keosong xalq qo‘shiqlarini saqlash fondi jamoasi hamda mamlakatimiz vakili Mohichehra Shomurodova birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Foto: sharqtaronalari.uz

«Sharq taronalari» XI xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini — Gran-pri Ozarboyjon vakili Sohib Poshazodaga topshirildi.  

Foto: sharqtaronalari.uz

— Dunyo e'tirofidagi ushbu festivalda ishtirok etishning o‘zi biz uchun katta sharaf bo‘lganini ta'kidlamoqchiman, — deydi Gran-pri sohibi, Ozarboyjonda xizmat ko‘rsatgan artist Sohib Poshazoda — «Sharq taronalari» bosh sovrinini qo‘lga kiritishim esa tarixiy voqea bo‘ldi. Hozir qalbimda kechayotgan hayajon, faxr-iftixorni so‘z bilan ifodalash qiyin. Fursatdan foydalanib, ushbu festivalni tashkil etgan O‘zbekiston rahbariyatiga, bizga juda katta hurmat ko‘rsatgan san'atsevar o‘zbek xalqiga minnatdorlik izhor etaman.

Marosim so‘ngida yurtimiz san'at ustalari va yosh ijrochilar tomonidan konsert dasturi hamda «O‘zbekiston madaniy merosi — umumbashariy boylik» deb nomlangan 3D proyeksiya-musiqali yoritish tomoshasi namoyish etildi.

Mavzuga oid
Top