08:26 / 01.09.2017
4635

Tramp “Harvi” oqibatlarini bartaraf etish uchun kongressdan milliardlab dollar so‘ramoqchi

Foto: AP Photo / LM Otero

AQSh prezidenti Donald Tramp “Harvi” dovuli oqibatlarini bartaraf etish uchun kongressdan 5,9 mlrd dollar so‘ramoqchi. Bu haqda Oq uydagi manbaga iqtibos keltirgan holda “Assoshieyted Press” axborot agentligi xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, murojaatga hali o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. AQSh ma'muriyati vakilining aytishicha, murojaat kongressga 1 sentabrda jo‘natilgan. Ikki palata ham u bo‘yicha ovoz berishi kerak va bu keyingi hafta bo‘lishi kutilmoqda.

“Harvi” Texasga rekord miqdorda toshqinlar olib kelgan. U so‘ngra Luizianaga ko‘chgan. Dovul oqibatida 40 kishi halok bo‘lgan, 13 mingdan ko‘proq kishi toshqinlardan qutqarilgan.

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pensning aytishicha, dovuldan keyin davlatdan yordam olish uchun 310 mingdan ko‘proq kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Pensning aytishicha, hukumat yordam sifatida 530 mln dollarni taqsimlab bo‘lgan.

Top