00:25 / 01.09.2017
22489

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Mustaqillik bayrami nishonlandi

Foto: O‘zA

Shavkat Mirziyoyevning 27 iyundagi qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Jamiyatimizdagi yangilanishlarga muvofiq bayram tadbirlari ham yangicha shakl va mazmun kasb etdi.

Asosiy tantanali marosim 31 avgust kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zA. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar xodimlari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Saroyga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirib keldi. Davlatimiz rahbari minbarga taklif etildi. Prezidentimiz mustaqilligimizning yigirma olti yilligi bilan xalqimizni muborakbod etib, nutq so‘zladi.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi. Bayram ahli qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, mustaqillik qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ldi. Ohang og‘ushida Vatan manzaralari, istiqlol tarixi tasavvurda gavdalandi.

Istiqlolimizning 26 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi chuqur ehtirom bilan yodga olindi.

Sahna ortidagi ulkan monitorda musaffo osmonimiz, oppoq kabutarlarning samoga parvoz qilgani tasviri aks etdi. Go‘yo buyuk Yo‘lboshchimiz ruhi jonajon Vatanining yangi parvozlariga oq yo‘l tiladi.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston o‘z mustaqilligining yangi davriga yangi yetakchi bilan qadam qo‘ydi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov siyosatini davom ettirish, shu bilan birga, barcha sohalardagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadini bayon etdi.

“Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz”, degan tamoyilga asosan mamlakatimizni modernizatsiya qilish, davlat boshqaruvi tizimining sifati va samarasini oshirish bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirildi. Boshqaruv organlari faoliyati takomillashtirildi, ko‘plab vazirlik va idoralar qayta tashkil etildi, yangi tashkilotlar tuzildi.

Foto: O‘zA

“Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilga muvofiq, xalq bilan muloqotning zamonaviy va samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari, joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar inson manfaatlarini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Foto: O‘zA

“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan g‘oya asosida aholiga keng imkoniyatlar berish, uning real daromadlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, eksport  hajmini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bayram dasturi har qachongidan boshqacha bo‘ldi. Kuy-qo‘shiqlar she'rlar bilan uyg‘unlashib ketdi. Bolalarning chiqishlari barchaga tabassum ulashdi. Harbiylarimizning mardonavor ovozi dillarga ko‘chdi. Jahon mumtoz musiqalari zavq bag‘ishladi. Tantanali marosim san'atkorlar jo‘rligidagi “Vatan azizdir” qo‘shig‘i bilan nihoyasiga yetdi.

Foto: O‘zA

Bayram tadbirlarida yangragan kuy-qo‘shiqlar olis-olislarga taralmoqda. Mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida bayram tantanalari, xalq sayillari davom etmoqda.

Top