09:48 / 01.09.2017
9459

O‘zbekiston jome' masjidlarida hayit namozi o‘qildi

Foto: muxlis.uz

O‘zbekistonda muborak Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda. Mamlakatimizdagi jome' masjidlarida hayit namozi o‘qildi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ularda 15 milliondan ortiq yurtdoshimiz saodatli kun ibodatini ado etdi, deb xabar bermoqda O‘zA. 

Poytaxtdagi Hazrati Imom jome' masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi. 

Hayit namozi ma'ruzasida Qurbon hayiti bayrami tarixi, muqaddas dinimiz buyurgan ibodatlar, yurtimizda islom dini rivoji, ma'naviy qadriyatlarimiz yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar, bugungi farovon hayotimiz mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. 

Hayit kunlari do‘stlik va birodarlik ruhida xayru saxovat kabi ezgu amallar bajariladi, gina-qudratlar unut bo‘ladi. Kishilar yaqinlarini yo‘qlaydi, bemorlar va muhtojlar holidan xabar oladi, ularga hadyalar ulashadi. Bu o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlaydi. 

Qurbon hayiti ma'ruzasida insonlarga mehr ko‘rsatish, ularning o‘y-tashvishlarini o‘rganib, yaxshilik qilish g‘oyat savobli tadbirligi, mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida xalqimiz saodatli turmushi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun olib borilayotgan islohotlar ana shu jihati bilan ham juda qadrli ekani aytib o‘tildi. 

– Prezidentimiz rahnamoligida islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, yosh avlodni ezgu g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganish, islom ta'limotining turli yo‘nalishlarida chuqur ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganiga barchamiz shohidmiz, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. – Bu albatta, ma'naviyatimizni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro ahillik va totuvlikning kuchayishiga xizmat qiladi. Bugungi shukuhli kunlarda oilalarimiz mustahkam, farzandlarimiz baxtli, yoshlarimiz har tomonlama yetuk, odob-axloqli, Vatani, xalqi, dinu diyonatiga sodiq bo‘lib kamol topishlarini so‘rab, duoi xayrlar qilish asosiy burchimiz va vazifamizdir. Shu kunlarda 7 ming 300 dan ziyod yurtdoshimiz haj ibodatini ado etmoqda. Ular orasida Prezidentimiz tashabbusi bilan muborak safarga jo‘natilgan 70 dan ortiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va yana shuncha ularga hamrohlik qiluvchining borligi xalqimiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Ular ham muborak safarda Yaratgandan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqini so‘rab Makkai mukarramada, Arafot va Mino vodiysida duoi xayrlar qilmoqda. 

Qurbon hayiti ma'ruzasida xalqimizning ulug‘ farzandi, mustaqilligimiz asoschisi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi yodga olindi. U kishi rahnamoligida xalqimiz turmushi farovonligi, emin-erkinligimiz yo‘lida amalga oshirilgan keng miqyosli islohotlar bardavomligi e'tirof etildi. 

Top