Sport | 23:15 / 02.09.2017
115607
2 daqiqa o‘qiladi

Oltin bola! Shahram yangi qahramon

Germaniyaning Hamburg shahrida AIBA shafeligi ostida o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining final uchrashuvlari davom etmoqda.

Ma'lumki, vakillarimizdan to‘rt bokschi finalga yo‘l olgan va ularning hammasi kubalik bokschilarga qarshi jang o‘tkazishmoqda.

69 kg. vazn toifasidagi bokschilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan final jangida Shahram G‘iyosov ham kubalik Roniel Iglesias Gomesga qarshi ringga chiqdi va tezkor uslubi bilan qiynalmay g‘alaba qozondi — 5:0! Barcha hakamlar barcha raundlarda Shahramga katta ustunlik bilan ochko berishdi: 30:27, 30:27, 30:27, 30:27, 30:26!

Bungacha o‘tkazilgan finallarda O‘zbekiston vakillarining barchasi mag‘lub bo‘lgan va kumush medallar bilan kifoyalangandi.

Avvaliga 46–49 kg vazn toifasidagi bokschilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda Hasanboy Do‘smatov kubalik Joanis Argilagosga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

52 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida esa eng tajribali bokschilarimizdan biri Jasurbek Latipov kubalik Yosbani Veitiaga qarshi ringga ko‘tarilib, 0:5 hisobida yutqazdi.

64 kg.gacha vazn toifasida Iqboljon Xoldorov ham kubalik Andi Kruz Gomesga qarshi ringga chiqdi va hakamlar qo‘ygan ballarga ko‘ra, 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi va terma jamoamiz hisobiga uchinchi kumush medalni olib keldi.

Shu bilan bokschilarimiz uchun boks bo‘yicha jahon chempionati nihoyalandi. Vakillarimiz 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, medallar soni va sifati bo‘yicha tarixdagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatishdi.

Mavzuga oid