16:26 / 04.09.2017
5153

OAV: Indoneziya BRIKSga qo‘shilish borasida yaxshi imkoniyatga ega

Foto: Garry Andrew Lotulung/Kompas.com

Indoneziya boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar orasida BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, JAR) formatining yangi a'zosi bo‘lish uchun yaxshiroq imkoniyatga ega. The Jakarta Post nashrida e'lon qilingan maqola muallifi shunday fikrni ilgari surmoqda

Bundan tashqari, shu kunlarda Xitoyning Syamenida bo‘lib o‘tayotgan BRIKS sammiti yakuniga yetgach, Jakartaga rasman taklifnoma ham yuborilishi mumkin. Sammitda birlashmani kengaytirish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. "Forum XXR ilgari surayotgan maqsadlarga javob berishi uchun yangi tashabbuslar va g‘oyalarga muhtoj. Biroq bu tashkilotda jipslik mavjud emas", - deyiladi maqolada. 

"Masalan, faqat Hindiston va Xitoy iqtisodiyoti barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Mamlakatlar orasidagi investitsiya va savdo hajmi ham eng quyi darajada saqlanib qolmoqda. BRIKS doirasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik ham past darajada", - deyiladi maqolada. 

Muallifning yozishicha, formatni kengaytirish masalasi 2010 yildan beri muhokama qilinmoqda. Mart oyida esa, 11 mamlakat, jumladan Bangladesh, Indoneziya, Eron, Pokiston va Turkiya nomzodlari haqida so‘z borgandi. 

Indoneziyaning G20 a'zosi ekani hisobga olinsa, milliy valyutani manipulyatsiya qilayotganlikda ayblanayotgan XXR munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor. Shuningdek, Pekin Sharqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi hududiy mojarolarni hal etish uchun ittifoqchilarga ham ega bo‘lishi maqsadga muvofiq. 

O‘z navbatida, deb qayd etadi muallif, Indoneziya yetakchisi Joko Vidodo ham Xitoyga muhtoj. 2014 yili iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish zarurligi haqidagi chaqiriqlar yordamida hukumat tepasiga kelgan prezident Xitoy sarmoyalariga muhtoj. 

Top