11:54 / 05.09.2017
50153

MXX ko‘mir yetkazib berish korxonasi rahbarini qo‘lga oldi

Foto: Fotolia/sp4764

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati davlat organlari xodimlari tomonidan o‘z lavozim vakolatlarini suiiste'mol qilish holatlarini aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.

Ushbu ish doirasida tezkor xodimlar «Sirdaryoko‘miretkazuvchi» unitar korxonasining Boyovut tuman bazasi mudiri 40 yoshli Doniyor Sayfutdinov Sirdaryo viloyatiga olib kelinuvchi va bolalar bog‘chalari, maktablar, o‘rta maxsus ta'lim muassasalari hamda shifoxonalar uchun kuzgi-qishki mavsumga mo‘ljallangan ko‘mirni doimiy ravishda o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgani haqida ma'lumotni olishdi.

«Sayfutdinov taxminan 65 tonna keluvchi bir vagon ko‘mirni Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi shaxsga 16 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. U pullarni ko‘mir bazadan xaridorning yashash joyiga yetkazib berilganidan so‘ng olishi kerak edi», - deya ta'kidlab o‘tdi MXX vakili.

MXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha xodimlari baza direktorining noqonuniy faoliyatiga barham berish maqsadida maxsus amaliyot o‘tkazishdi, uning davomida Doniyor Sayfutdinov 13 million so‘mni olayotgan paytda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi. U o‘z aybini to‘liq tan olgan.

Ayni damda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi Sayfutdinovga nisbatan O‘zbekiston JKning 167- (O‘zlashtirish yoki talon-toroj qilish yo‘li bilan o‘g‘irlash) va 205-moddasi (Lavozim vakolatlarini suiiste'mol qilish) bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqmoqda. 

Top