22:00 / 06.09.2017
79122

OFK JCh-2018 saralash o‘yinlarini tekshiradi: kelishilgan o‘yinmi yoki siyosiy masala? Shudir masala!

Foto: OFK

Osiyo futbol konfederatsiyasi JCh-2018 saralashi doirasida Osiyo mintaqasida o‘tkazilgan oxirgi tur o‘yinlarini tekshirish yuzasidan surishtiruv harakatini boshlagani haqida ma'lum qildi.

Ayni paytda OFK vakillari amaliy harakatga o‘tishdan avval, o‘tkazilgan barcha o‘yinlarga tegishli hisobot va hujjatlarni qayta ko‘rib chiqishini e'lon qilgan. FIFA yurisdiksiyasida o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, OFK surishtiruviga yordam berishi belgilangan.

Iyun oyida OFK rahbariyati barcha mintaqa ishtirokchilariga sport musobaqasining siyosiy betaraflik tamoyilini hurmat qilishi va unga amal qilishga chaqirib xat yuborgandi. Xat matnida tashkilot nizomining 3.2 moddasidan iqtibos keltiriladi: «OFK tashkiloti har qanday siyosiy va diniy masalalarda betaraf».

Eslatib o‘tamiz, Osiyo mintaqasida «A» guruhida 5 sentabr kuni yo‘llanmani muddatidan avval naqd qilgan Eron hamda ikkinchi yo‘llanma uchun imkoniyat saqlab qolgan Suriya o‘rtasida, shuningdek, ikkinchi o‘rinni egallash uchun O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Ikki uchrashuv ham parallel kechdi, Toshkentdagi o‘yinda hisob ochilmay qoldi, bu o‘yindan biroz keyinroq yakunlangan Tehrondagi o‘yinning oxirgi daqiqalarida esa suriyaliklar ikkinchi golni urib, hisobni tenglashtirdi va guruhda uchinchi o‘rinni egallagan holda pley-off o‘yinlarida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda OFK katta ehtimol bilan Eron va Suriya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni kelishilganlik da'vosi bilan tekshirishi haqidagi taxminlar tarqaldi. Tekshiruvlar yakunida bu o‘yin kelishilgani aniqlansa, ikki terma jamoa ham chetlatilishi va ularning o‘rni guruhdagi keyingi o‘rinlardagi O‘zbekiston va Xitoy terma jamoalari bilan to‘ldirilishi mumkinligi haqida taxminlar bildirilmoqda.

Lekin ayrim ekspertlarning gapiga, xususan yurtdoshimiz, futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayevning so‘zlariga ko‘ra, gap Eron - Suriya uchrashuvi haqida bormayapti. Mutaxassisning tushuntirishicha, OFKdagi xabarda «Iyun oyida OFK rahbariyati barcha mintaqa ishtirokchilariga sport musobaqasining siyosiy betaraflik tamoyilini hurmat qilishi va unga amal qilishga chaqirib xat yuborgandi», deyilmoqda.

Iyun oyida esa Yaqin Sharq mintaqasida Qatar bilan bog‘liq diplomatik muammolar yuzaga kelgan edi. BAA va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga Qatarning BeIN Sport telekanali xodimlari musobaqani yoritishga qo‘yilmagani haqida shikoyatlar OFKga jo‘natilgan. BeIN Sport telekanali esa OFKning rasmiy hamkori hisoblanadi.

5 sentabr kuni esa Eron - Suriya uchrashuvidan tashqari Saudiya Arabistoni - Yaponiya uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va unda saudiyaliklar yaponlar ustidan minimal hisobda g‘alaba qozonib, JCh-2018ning to‘rtinchi yo‘llanmasiga egalik qilishgandi. Aftidan, ushbu uchrashuvga ham BeIN Sport telekanali xodimlari qo‘yilmagan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid
Top