19:14 / 07.09.2017
26180

Samarqandda majburiy ijro byurosi xodimlariga yangi xizmat mashinalari topshirildi

Prezidentimiz Farmoni bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi o‘z vazifasini sidqidildan bajarib kelmoqda.

Samarqandda Majburiy ijro byurosi xodimlariga xizmat mashinalarini topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirish, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-tarojlarning oldini olish, sud va boshqa qonun hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta'minlash kabi muhim vazifalarni bajarishda Majburiy ijro byurosi xodimlari sidqidildan xizmat qilayotgani, eng muhimi xodimlarning samarali ishlashi uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani ta'kidladi.

Yangi tuzilgan organning to‘lov tizimini yaxshilash orqali elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, barcha hududlarda yangi ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish obektlarini ishga tushirish, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirish eng muhim vazifalar hisoblanadi.

Imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman-shahar bo‘limlariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi rusumdagi 17ta «Neksiya» rusumli xizmat mashinalari topshirildi.

— Bu ishimizning yanada samarali bo‘lishini ta'minlashga xizmat qiladi, — deydi Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Akbar Amirov. — Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e'tiborga javoban elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-tarojlarning oldini olish, sud va boshqa hujjatlarning ijrosini so‘zsiz ta'minlashda kuch-g‘ayratimizni ayamay xizmat qilishga undaydi.

Samarqand viloyat prokurori F.Zufarov xizmat mashinalari kalitlarini tantanali ravishda topshirar ekan, soha xodimlarining galdagi ishlariga rivoj, el-yurt manfaati yo‘lidagi ishlariga omadlar tiladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

KUN.Uzning Samarqanddagi muxbiri.

Top