15:36 / 08.09.2017
21122

General-mayor Davron Nazarmuhamedov Xitoy elchisi bilan uchrashdi

Foto: mvd.uz

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga rasmiy tashrif buyurgan XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze boshchiligidagi delegatsiya a'zolarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhamedov qabul qildi.

Muloqot avvalida Sun Litsze elchixonaning yangi tayinlangan XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi rasmiy vakili Lyu Tunpinni tanishtirdi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasida turli ijtimoiy sohalarda, shuningdek xavfsizlikni ta'minlash masalalarida o‘zaro foydali munosabatlar tobora taraqqiy etib borayotganini ta'kidladilar.

D.Nazarmuxamedov XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik samarali kechayotganini e'tirof etdi. Shu jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining kasb mahoratini oshirish maqsadida ularni o‘qitish, har ikki tomonni qiziqtiradigan tezkor axborotlarni almashish mintaqada xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan umumiy maqsadlarga erishishga xizmat qilayotganini qayd qildi. 

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi. Jumladan, mamlakat ichki ishlar organlari xodimlarini Xitoyda o‘qitishni davom ettirish, turli yo‘nalishlarda osoyishtalik posbonlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish maqsadida XXR yetakchi mutaxassislarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a'zolarini Xitoyga yana sayohat uyushtirish taklifini bildirdi.

O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha doimiy aloqa o‘rnatishga va muntazam ravishda axborot almashib turishga kelishib oldilar.

Top