10:50 / 08.09.2017
4372

IIBB: 8 oy davomida 130 ta yong‘in bolalar sho‘xligi natijasida kelib chiqqan

Poytaxtda sodir bo‘layotgan yong‘inlarning aksariyati bolalar va o‘smirlarning sho‘xligi natijasida sodir bo‘lmoqda. Aynan kichkintoylar nazoratsiz qolib, katta muammolar sababchisi bo‘lmoqdalar. Shuni unutmaslik kerakki, bolalar sho‘xlik qilishga moyildir. Lekin har bir o‘yin xavfsiz emas, masalan gugurtni olaylik. Aynan gugurt bolalar qo‘lida nafaqat o‘zlariga, balki atrofdagilarga jiddiy xavf tug‘diradi. Xech kimga sir emas, birgina yong‘in – katta ofat bo‘lib, o‘z yo‘lida borliqni kulga aylantiradi, insonlar hayotiga zomin bo‘ladi. Nazoratsiz qolgan bolalar yong‘inlarni kelib chiqishiga sababchi bo‘ladilar. 

Toshkent IIBBning xabar berishicha, Shayxontohur tumanida istiqomat qilayotgan olti yashar I. uyining to‘rtinchi qavatidan qog‘oz samolyotlarni chetini yoqib, tepadan uchirgan. Pastdagi qo‘shnilarning hayqirig‘iga qaramay, bola shu ishini davom ettiravergan. Yonayotgan samolyotlarning biri ikkinchi qavatdagi xonadonga ochiq oynasi orqali uchib kirib, pardalarga ilashib qolgan, buning natijasida esa qisqa muddat ichida yong‘in hosil bo‘ldi. Yaxshiyamki xonadon egalari o‘yda ekan, ular o‘z vaqtida yong‘inni bartaraf etdilar. Aksi bo‘lganidachi? Birgina 2017 yilning 8 oyi davomida 130 ta yong‘in bolalar sho‘xligi natijasida kelib chiqqan. 

Bunday holatlarni oldini olish uchun doimo yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qiling. Farzandlaringizni yolg‘iz nazoratsiz qoldirmang! Gugurt va boshqa tez yonuvchi mahsulotlarni bolalarning qo‘li yetmaydigan joylarda saqlang. Uyingizdan chiqib ketayotib barcha gaz, elektr uskunalarini tekshiring va o‘chirishni unutmang.

Mavzuga oid
Top