20:59 / 09.09.2017
39676

Shahar hokimi o‘z qarorini bekor qildi, ammo zararni kim qoplaydi?

Samarqand shahridagi «O‘zbekiston» mahallasi nafaqat shahar, balki viloyat va respublikada ham eng namunali va obod mahallalardan biri hisoblanadi. Ushbu mahalla so‘nggi 15 yilda mamlakat miqyosidagi turli ko‘rik tanlovlarda bir necha marta g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olgani ham bejiz emas, albatta.

Ana shu mahalla idorasining shu kungacha barcha havas qiladigan hovlisi shahar hokimligining qarori bilan (!) bir kunda tep-tekis qilib tashlangani butun mahalla ahlini esankiratib qo‘ydi. Axir, 60–70 yillik manzarali, kamida 20 yillik mevali daraxtlarning o‘zini qayta tiklash uchun yana shuncha vaqt kerak. Qolaversa, mahalla atrofini o‘rab turgan temir panjaralar, ikkita favvora, ikkita hovuzga qo‘shib butun mahalla hovlisi yer bilan yakson qilingan.

Shunday qilib, «O‘zbekiston» — eng obod mahalladan, eng xarob mahallaga aylandi qoldi. «Buzilishlar» boshida turgan tadbirkorning bu yerda ko‘p qavatli bino qurishi rejalashtirilgani masalani biroz oydinlashtirdi.

Hozir odamlar ko‘p qavatli bino qurib, sotish uchun nimalar qilishmayapti. Muhim ijtimoiy ahamiyatga ega inshootlar deysizmi, aholi zich joylashgan hududdagi birdan bir chiqindixona deysizmi, hamma hammasini mutasaddi tashkilotlarning tadbirkorga hatlab berishiga undovchi qandaydir bir «g‘ayritabiiy kuch» borga o‘xshaydi. Ana shu aksariyatning ko‘zi ilg‘amas kuch bu safar shahar hokimligini «bor-ye» deya bus butun mahallani tadbirkorga berib yuborishga undaganga o‘xshaydi.

— Aslida masala shahar hokimligiga yetib borguncha ham bir qator ko‘zbo‘yamachiliklarga yo‘l qo‘yilgan, — deydi mahalla faoli Sayfulla Suyunov. — Mahallamiz buzilishidan oldin, ko‘pchilikdan pinhon tarzda, mahalla fuqarolari vakillari yig‘ilishining navbatdan tashqari ishchi guruhi majlisi uyushtirilib, uch qavatli bino, mahalla uchun ham yangi bino qurilishi masalasi ko‘tarilgan ekan. 18 kishi imzosi bilan «fuqarolar tomonidan ma'qullandi» mazmunida majlis bayoni ham tuzilgan. Xolbuki mahallada 4000 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Qoida bo‘yicha bu kabi hujjatlarning haqiqiy hisoblanishi mahalladagi jami aholi vakillarining uchdan ikki qismi ishtirok etishi, ularning kamida 51 foizi ma'qullashi lozim edi. Yuqoridagi hujjatda esa, mahalladagi 96 nafar aholi vakillaridan bor yo‘g‘i 3 kishi qatnashgan, xolos. Ko‘zbo‘yamachilik deganimning sababi shunda.

Mahalla ahli ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Devoniga murojaat qilgach, shahar hokimligi tomonidan «tegishli shaharsozlik hujjatlari tayyorlanib, mutasaddi tashkilotlar tomonidan tasdiqlatilgunga qadar qurilish ishlari to‘xtatildi» mazmunida javob keladi. Bundan shuni tushunish mumkinki, shahar hokimligi shaharsozlik hujjatlari tayyorlanmasdan turib, mutasaddi tashkilotlar tomonidan tasdiqlatilmasdan tadbirkorga «men nima ekan debman» qabilida ruxsat berib yuborgan ekan-da.

Shundan keyin ushbu holat shahar prokuraturasi tomonidan ham o‘rganib chiqilgach, Samarqand shahar hokimining joriy yil 10 apreldagi 700-Q qarori, ya'ni, mahalla hududidan ko‘p qavatli bino qurilishi bo‘yicha ruxsat, qonunga zid, deb topiladi. Joriy yil 14 avgustida shahar hokimi V.Rahimov o‘z qarorini bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Xullas, joriy yilning aprel oyida boshlangan ana shu o‘zboshimchalik, e'tiborsizlik va mas'uliyatsizlik ortidagi g‘avg‘o avgust oyiga kelib qonuniy yechimini topadi. Ming afsuski, o‘rtada mahalla idorasining xarobaga aylangani qoldi. Xo‘sh, mahallaga yetkazilgan zararni endi kim to‘lab beradi?

Anvar MUSTAFOQULOV,

«Zarafshon» gazetasidan.

Mavzuga oid
Top