19:50 / 10.09.2017
48557

Mirziyoyev nutqi: «Musulmon olamining ko‘pgina davlatlari texnologiyalar borasida ortda qolmoqda»

Foto: O‘zbekiston 24

O‘zbekiston prezidenti islom olamidagi ilmiy yutuqlar uchun IHT mukofotini joriy etish taklifini bildirdi.

Musulmon olami mamlakatlarining ko‘pchiligi hozir ilm-fan va texnologiya sohasida juz'iy tarzda ortda borishmoqda, deya O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda «Sputnik-Kazaxstan».

Islom hamkorligi tashkilot (IHT)ning fan va texnologiya bo‘yicha sammitida chiqish qilar ekan, O‘zbekiston rahbari islom olami jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi qo‘shgan beqiyos xizmatlari uchun faxrlanishga haqli ekanligini qayd etib o‘tdi.

«Tan olish lozimki, ayni paytda musulmon olamining ko‘plab davlatlari fan va texnologiya sohasida rivojlangan davlatlardan juz'iy ortda qolmoqda. Masalan, jahonning eng yaxshi 500 universiteti reytingiga tashkilotimizga a'zo davlatlardan bor-yo‘g‘i 11ta oliy o‘quv yurti kiritilgan. 2015 yilda jahonda patent olish uchun arizalar topshirishda IHT davlatlarining ulushi atigi 1,9 foizni tashkil etgan», — dedi Mirziyoyev.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda IHT davlatlarida chop etilgan jamiki ilmiy maqolalarning 80 foizi tashkilotning faqat 7 a'zo-davlati hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«Taassuf bilan qayd etmoq lozimki, boy tabiiy resurslar va ulkan moliyaviy salohiyatga qaramasdan musulmon davlatlarining aksariyati iqtisodiyotga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish borasida faollik namoyish etishmayapti», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Uning umid qilishicha, zamonamizning eng muhim muammolari va ilmiy masalalarini hal qilishga yo‘naltirilgan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi islom olamining fan-texnologiya salohiyati uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

«Biz Mirzo Ulug‘bekning astronomiya rivoji uchun qo‘shgan ulkan hissasiga hurmat sifatida tashkilotning Samarqandda superzamonaviy teleskop o‘rnatish haqidagi taklifini mamnuniyat bilan qabul qilamiz», — dedi u.

Mirziyoyev islom olamidagi ilmiy yutuqlar uchun IHTning maxsus mukofotini joriy etish va uni xalqaro sahnada ommalashtirish taklifini bildirdi. U shuningdek, IHTning fan va texnologiya bo‘yicha sammitini har uch yilda bir marta o‘tkazishni taklif etdi va O‘zbekiston 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan keyingi Sammitni o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.

Top