Sport | 10:36 / 11.09.2017
8878
6 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal»da «fuqarolar urushi». Venger ketsa, jamoa «MYu» holiga tushmaydimi?

Bugungi kunda «Arsenal» muxlislari orasida «fuqarolar urushi» avjiga chiqqan. Ularning yarmi WengerOut bayrog‘i ostida harakat qilayotgan bo‘lsa, qarshi taraf murabbiy himoyasiga chog‘langan. Ikkinchi tomon ham jamoadagi muammolarni tan olsa-da, bir necha yil oldin «Manchester Yunayted» bilan sodir bo‘lgan holat takrorlanishidan cho‘chimoqda. 

Uzoq yillik murabbiy Aleks Fergyuson iste'fosidan keyin, manchesterliklar haligacha o‘zlariga kelib ulgurgani yo‘q. To 2014 yilgacha APLdagi eng yomon ko‘rsatkichi 3-o‘rin bo‘lib kelgan jamoa, mana Fergyusondan keyingi to‘rt yildirki, hali o‘sha o‘ringa chiqa olmadi. «MYu» so‘nggi 4 yilda atigi bir marta kuchli to‘rtlikdan joy ola bildi xolos. Fergyusonning so‘nggi yilida «MYu» katta farq bilan Angliya chempioni bo‘lgan va keyingi yili 7-o‘ringa tushib ketgandi. Shundog‘am, kuchli to‘rtlik uchun kurashib kelayotgan «Arsenal» bundan badtar bo‘lib ketmaydimi?  

Yo‘q. Buni rad qilish uchun bir qator sabablar bor. 

Birinchidan. Aleks Fergyuson boshqaruvining so‘nggi 5-6 yilida deyarli yulduz futbolchi sotib olmagan. Robin van Persidan tashqari. Yangi murabbiy kelganda, jamoada to‘p surayotgan aksariyat futbolchilar katta futbolda Fergyusondan boshqa murabbiy ko‘rmagan ham edilar. Balki mana shuning uchun ham, o‘zgarishlar ularga keskin tarzda ta'sir qildi. 

Bunday holat «Arsenal»da ro‘y bermasligi aniq. Jamoa har yili tarkibga kuchli futbolchilarni qo‘shib olishda davom etmoqda. Futbolchilarga e'tibor bersangiz, shakllanishi Venger bilan bog‘liq bo‘lmagan bir qator yaxshi futbolchilarni ko‘rasiz. «Arsenal» tarkibidagi futbolchilar 4 yil oldingi «MYu»dagilardan ko‘ra o‘zgarishlarga chidamliroq, deb bemalol aytish mumkin.

Ikkinchidan. Murabbiy faktori. Aleks Fergyuson Manchesterda shu qadar e'tibor qozongan ediki, o‘z vorisini ham o‘zi tanladi. Klub rahbarlari to‘liq unga ishondi va jamoaga katta klublarda ishlash tajribasi bo‘lmagan David Moyyesni olib kelishdi. Moyyes yaxshi trener bo‘lishi mumkin, ammo yulduzlar bilan ishlashda muammolarga duch keldi. Futbolchilarni o‘ziga ishontira olmadi, Fergyusonning o‘rnini bosish uchun kichiklik qildi. 

Aynan mana shu voqea «Arsenal» uchun ham tajriba vazifasini o‘tagan bo‘lishi tabiiy. Mobodo Venger ketadigan bo‘lsa, klub rahbarlari imkon qadar mashhur va tajribali murabbiyni olib kelishga harakat qilishlari turgan gap. «Arsenal» «MYu» bosgan yo‘lni bosib o‘tmaydi, chunki bu ishning riski katta ekanligini bilib bo‘ldi. 

Uchinchidan. Bosim «Manchester Yunayted»dagi kabi emas. Nihoyat mana to‘rtinchi yilga kelibgina, «Manchester Yunayted» muxlislari vaziyatni real qabul qilishga o‘rgandi, mentalitet o‘zgardi. Uchinchi yoki to‘rtinchi o‘ringa ham rozi bo‘lishni, ligadagi juda kuchli raqobat ostida bunday natijalar uchun ham xafa bo‘lmaslikka ko‘nika boshladi. Ikkinchi o‘rinni ham muvaffaqiyatsizlik kabi qabul qilmay qo‘yishdi. Mana shu holatga kelish uchun bir necha yil o‘tib ketdi ham. 

«Arsenal»ning yangi murabbiyida Moyyes yoki Lui van Gaal his qilgan bosim bo‘lmaydi. Xuddi Joze Mourino kelishi bilan Fergyuson bilan emas, Moyyes yoki Van Gaal kabi murabbiylar bilan taqqoslanib, unga osonroq bo‘lganini e'tiborga olsak, Vengerning vorisi o‘sha asr boshidagi yengilmas Venger emas, so‘nggi yillardagi Venger bilan taqqoslanadi. 

Londonliklar klubi o‘tgan yili 5-o‘rin bilan kifoyalanishdi. Demak, yangi murabbiy uchun mana shu atrofda bo‘lish dastlabki yillar uchun qabul qilinarli natija bo‘ladi. Hatto transferlar uchun bir necha yuz million sarflasa ham.  

«Manchester Yunayted» tajribasi bu pasayishlarning istisno emas, tabiiy holat ekanini isbotlab bo‘ldi. Ya'ni, endi nafaqat «Arsenal» muxlislari, umuman, futbol jamoatchiligi ham «Arsenal»dagi o‘zgarishlarni oddiy qabul qiladi, turli esankirashlar bo‘lmaydi. Yangi murabbiy bemalol, bir ikki yil bosimlardan holi tarzda o‘z jamoasini qurib olishi mumkin bo‘ladi. 

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid